Soliq tushumlarida oʻsish past boʻlgan hududlarni tahlil qilish topshirildi

    Yil boshidan 67 ta tumanda tushum 1,5 karra oshdi. Masalan, Baxmal, Jalaquduq, Forish, Qoʻrgʻontepa va Guliston tumanlarida oʻsish 2 baravar boʻlgan.

    Lekin Nukus, Oqdaryo, Qiziriq, Mingbuloq, Mirzo Ulugʻbek, Qibray, Toyloq tumanlari, Namangan va Zarafshon shaharlarida oʻsish surʼatlari qolgan hududlardan ancha orqada ekani, Shumanayda esa umuman oʻsish boʻlmagani koʻrsatib oʻtildi.

    Mutasaddilarga soliq tushumlarida oʻsish past boʻlgan ushbu hududlarga borib, ajratilgan kredit, subsidiya, davlatdan berilgan resurslar samarasini tahlil qilish topshirildi.

    Tahlil yakunlariga koʻra ushbu hududlar hokimining birinchi oʻrinbosari va soliq rahbarlari faoliyatiga baho beriladi.

    Ushbu tumanlarda hamda har bir viloyatda respublikadan yordam olayotgan eng ogʻir bittadan tumanda tushumni 2 karra oshirish boʻyicha namuna yaratish vazifasi qoʻyildi.