Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlumotiga koʻra, mazkur roʻyxat Soliq va Bojxona qoʻmitalari tomonidan ochiq eʼlon qilingan maʼlumotlar asosida tuzilgan.
Xususan, bojxona imtiyozlaridan (bojxoni yigʻimi, boji, aksiz va qoʻshilga qiymat soligʻi) 2023-yil davomida 19 093 ta korxona foydalangan boʻlib, qoʻllanilgan jami imtiyoz summasi 57 379 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Shu jumladan, davlat ahamiyatiga molik loyihalar boʻyicha qoʻllanilgan bojxona imtiyozlari 10 391,5 mlrd soʻmni, chet el vakolatxonalari va personallari tomonidan foydalanilgan imtiyozlar 161,7 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Eng koʻp bojxona imtiyozidan foydalangan tashkilotlar “beshtaligi” esa qoʻyidagicha:
- “Uzbekistan Airways” AJ — 1 mlrd 349 mln soʻm;
- “Toshshahartransxizmat” AJ — 1 mlrd 112,9 mln soʻm;
- “Hamkorbank” ATB — 984 mln soʻm;
- “UzGasTrade” AJ — 886,3 mln soʻm;
- “ENTER Engineering PTE Ltd” — 860,3 mln soʻm.
Shuningdek, 2023-yil davomida jami 134 504 ta tashkilot soliq imtiyozlaridan foydalangan va ularga qoʻllanilgan jami imtiyoz summasi 69,7 trln soʻmni, xususan, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan 690 ta tashkilot tomonidan qoʻllanilgan imtiyozlar 24,7 trln soʻmni tashkil etgan.
Shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan nol stavka boʻyicha qoʻllanilgan soliq imtiyozlari 28,6 trln soʻmni tashkil etgan.
100 mlrd soʻmdan ortiq soliq imtiyozlaridan foydalangan korxonalar soni esa 72 tani tashkil qilgan.
Eng koʻp soliq imtiyozlaridan foydalangan korxonalar “beshtaligi” esa:
- “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ — 8 trln 296,8 mlrd soʻm;
- “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ — 2 trln 777,3 mlrd soʻm;
- TIF “Oʻzmilliybank” AJ — 2 trln 546,5 mlrd soʻm;
- “Uzbekistan Airways” AJ — 1 trln 684,5 mlrd soʻm;
- “Kapitalbank” ATB — 1 trln 415,2 mlrd soʻm.
Shuningdek, soliq imtiyozlaridan, “UzAuto Motors” AJ (824,6 mlrd soʻm), “Uzbekistan GTL” MCHJ (124,2 mlrd soʻm), “Artel electronics manufacturing” MCHJ (121,9 mlrd soʻm), ADM Jizzakh (111,2 mlrd soʻm), “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ QK (110,2 mlrd soʻm), “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (108,8 mlrd soʻm) hamda “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ (103 mlrd soʻm) kabi korxona va tashkilotlar ham foydalangan.
Umumiy qoʻllanilgan imtiyozlar summasi 50 mln soʻmdan yuqori boʻlgan, bir vaqtning oʻzida ham soliq, ham bojxona imtiyozlaridan foydalangan tashkilotlar soni 4 447 ta boʻlib, qoʻllanilgan imtiyoz summasi 105,6 trln soʻmni tashkil etgan.