Soliq va Bojxona qoʻmitalari har chorakda Qonunchilik palatasida hisobot beradi

    Moliya 5 Yanvar 2024 1599

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-442-son Qaror imzolandi.

    Hujjat bilan 2024-yilda foyda soligʻi toʻliqligicha Oʻzbekiston Respublikasi byudjetiga yoʻnaltiriladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati tasdiqlangan. 2024-yilda uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlariga, shuningdek, ular egallab turgan yer uchastkalariga nisbatan:

    - 2018-yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi, 2023-yil uchun hisoblab chiqarilgan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi;

    - jismoniy shaxslardan undiriladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun yer soligʻi summasi 2023-yilda hisoblab chiqarilgan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.

    Endilikda Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida:

    - har olti oyda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan foydalanishi bilan bogʻliq maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini;

    - har chorak yakunida Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat byudjeti daromadlari prognozi bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib borish yoʻlga qoʻyiladi.

    Respublika mulkida boʻlgan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari, jumladan tijorat banklarining (mahalliy hokimiyat organlari muassisligidagi jamiyatlardan tashqari) ijroiya organiga toʻlanadigan haq va ularning eng yuqori miqdorlarini belgilash hamda jamiyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash belgilangan. Shuningdek ularga oʻzgartirish kiritish boʻyicha masalalarni kuzatuv kengashi tomonidan maʼqullangandan soʻng aksiyadorlar umumiy yigʻilishiga kiritish tartibi joriy etiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 29-dekabrdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.

    .