Soliqchi tadbirkorga ko'makchi bo'lsa...

    Davlat soliq qo'mitasi raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi maxsus ishchi guruhi hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlari bilan konstruktiv muloqotlar o'tkazishi haqida xabar berilgan edi.

    Ushbu uchrashuvlar doirasida kuni kecha Davlat soliq qo'mitasi raisi o'rinbosari Jahongir Abdiyev va qo'mita markaziy apparati departament direktorlari Namangan shahar hokimligida viloyatdagi tadbirkorlik sub'yektlari bilan yuzma-yuz muloqot uyushtirdi.

    Uchrashuv avvalida soliq yukini kamaytirish va soliq ma'murchiligi samarasini oshirish orqali tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentabrda qabul qilingan qaroriga muvofiq tatbiq etiladigan qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilarini ro'yxatga olishning yangi tartiblari haqida batafsil ma'lumot berildi. Mutaxassislar mazkur tartiblarni amaliyotga joriy etish doirasida yaratilgan dasturiy mahsullar “E-ijara”, “E-aktiv” interaktiv xizmatlari hamda yangilangan EHF va MXIK tizimlarining ishlash jarayonlarini taqdimotlar orqali tushuntirishdi.

    Ma'lumot o'rnida, yangi tartibga ko'ra, joriy yilning 22 dekabridan boshlab qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha maxsus ro'yxatdan o'tkazishda soliq to'lovchilarning soliq xavfi darajasi o'rganiladi. Maxsus ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha arizalar 7 kun ichida ko'rib chiqiladi. Arizani ko'rib chiqishning birinchi bosqichida soliq to'lovchilarning soliq xavfi avtomatlashtirilgan tizim orqali o'rganiladi va natijalarga ko'ra ular soliq xavfining yuqori, o'rta yoki past darajalari bo'yicha toifalarga ajratiladi. QQS to'lovchilar va ustav jamg'armasida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan yuridik shaxslar 2022 yil 1 yanvardan “E-aktiv” axborot tizimidan foydalanishi majburiy hisoblanadi.

    Tadbirkor muammosini hal etishda soliqchi unga ko'makchi bo'lsa, uning savdo aylanmasi ko'payadi, ish o'rinlari ortadi, fuqarolar muqim ish bilan ta'minlanadi, aholi turmush farovonligi yuksaladi. Shu nuqtai nazardan tashkil etilgan ochiq muloqotda Davlat soliq qo'mitasi rahbariyati tomonidan tadbirkorlarning taklif va mulohazalari tinglandi. Tadbirkorlik faoliyati davomida uchrayotgan muammolar o'rtaga tashlandi.

    Davlat soliq qo'mitasi rahbariyati tomonidan tadbirkorlar muammolarining ijobiy yechimi yuzasidan aniq ko'rsatma va amaliy yordamlar berildi. Ularning takliflari o'rganib chiqilishi va qonunchilik doirasida ularni amaliyotga tatbiq etish bo'yicha choralar ko'rilishi aytildi.

    Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javob qaytarildi.

    Orifjon Jo'rayev,

    Yangi O'zbekiston muxbiri.