Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tadbirkorlikni qoʻllab-kuvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda atroflicha koʻrib chiqdilar.

Qonun loyihasida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda hosil boʻladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning oʻlchov plastinalari va granulalari, kimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Loyiha bilan soliq toʻlovchining ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlari foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazadan 2 koeffitsent qoʻllanilgan holda chegirib tashlanish tartibi joriy qilinadi.

Bundan tashqari qonun loyihasida uch yildan ortiq faoliyat koʻrsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida toʻlab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra soliq qarzini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilyapti. Bu qulayliklar uch yildan ortiq tovarlarni import qilish bilan shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ham tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 378-moddasiga qoʻshimcha kiritilmoqda. Yaʼni, jismoniy shaxslarning professional taʼlim muassasalarida taʼlim olishi uchun yoʻnaltirgan mablagʻlari ham jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

Ushbu hujjat loyihasining qabul qilinishi, aholi daromadalarini koʻpaytirishga, tadbirkorlik subyektlarining yana-da rivojlanishiga, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.