Davlat rahbarining qayd etishicha, oʻtgan besh yil mamlakatimiz uchun keskin va ogʻir sinov yillari boʻldi. Ayniqsa, 2020-yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan global iqtisodiy inqiroz, Oʻzbekiston uchun ham, jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.

Mana shunday murakkab va qiyin vaziyatga qaramasdan, milliy iqtisodiyotimizning oʻsish surʼatlarini barqaror saqlab qolishga erishildi.

Soʻnggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat – 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oʻsgan, oʻrtacha oylik ish haqi 2,2-marta koʻpaygan.

Ayni paytda mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini tubdan takomillashtirish;

tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash;

qishloq xoʻjaligida chuqur va puxta oʻylangan islohotlarni amalga oshirish;

hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar koʻlamini kengaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Amaliy natijadorlik, inson manfaati islohotlarning bosh maqsadiga aylandi.