Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil saʼy-harakatlar alohida eʼtiborga loyiq.
Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Prezident tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarganini taʼkidlash lozim.
Ushbu Qonunga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish), 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik) va Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik), 141-3-modda (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) bilan toʻldirildi.
2024-yilning 1-choragida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanildi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik) bilan 4 343 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1 999 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanildi.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi.