Soʻnggi ikki haftada sementning birjadagi narxi 15% ga pasaydi

    Biznes 30 Iyul 2020 9392

    Yakunlanayotgan haftada Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida sement narxlari pasayishni davom ettirdi.

    Xususan, joriy yilning 27-iyulidan 30-iyuligacha boʻlgan davrda oʻtkazilgan birja savdo natijalariga koʻra barcha markali sementning oʻrtacha narxlarida har kuni bir maromda pasayish kuzatilib, hafta yakuni bilan mahsulotning bir tonnasi uchun narxlar 815,7 ming soʻmdan 758,3 ming soʻmgacha, yaʼni 7 foizga pasaydi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda birja savdolariga jami 172,6 ming tonna sement qoʻyilgan boʻlib, ulardan 167,5 ming tonnasi, yaʼni 97 foizi sotilgan. Birja savdolariga har kuni oʻrtacha 43,2 ming tonna sement mahsulotlari qoʻyilmoqda hamda birjadagi narxlar faqatgina haqiqiy bozor tamoyillari asosida talab va taklifga koʻra shakllanib bormoqda.

    Soʻnggi ikki hafta mobaynida oʻtkazilgan birja savdolari sement bozorida talab va taklif mutanosibligi taʼminlanganligini koʻrsatmoqda. Xususan, 20-iyuldan 30-iyulgacha boʻlgan davrda sementning oʻrtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 891,4 ming soʻmdan 758,3 ming soʻmgacha, yaʼni 15 foizga tushgan.

    Savdo ishtirokchilarining fikriga koʻra, sement narxlarining pasayishiga birja savdolariga sotuvchilar tomonidan qoʻyilayotgan sement hajmlarining oʻsishi hamda sement importi tartibini soddalashtirilganligi oʻz koʻmagini bergan. Bundan tashqari, respublikamizda sement bilan bogʻliq boʻlgan qurilish ishlarining katta hajmini yakunlanishi natijasida sementga boʻlgan talab darajasining nisbatan pasayganligi ham bozor konyunkturasiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.