“Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari uchun turli xil pul yigʻimlari qatʼiyan taʼqiqlanadi

    Xalq taʼlimi vazirligi “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

    Joriy yilning 25-may kuni barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2021-2022 oʻquv yili yakunlanib, “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari boʻlib oʻtadi.

    Ushbu tadbirni tashkil etish boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligi tavsiyalar ishlab chiqib barcha maktablarga yubordi. Tadbirlar maktab hovlisi bogʻida yoki soya salqin ochiq maydonlarida oʻtkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.

    Maktablarda mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Unda yil davomida aʼlo baholarga oʻqib, eng yuqori reyting koʻrsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, ragʻbatlantiriladi.

    Shu oʻrinda barchaga “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini oʻtkazishda, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash borasida oʻquvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yigʻimlari qatʼiyan taʼqiqlanganligini eslatib oʻtamiz.

    Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari rahbarlari hamda oʻqituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovgʻalar taqdim etish, qoʻshimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.q.da banket yoki boshqa marosimlar) oʻtkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etishni oldini olishga alohida eʼtibor qaratish soʻraladi.

    Maktablarning “Kuzatuv kengashi” aʼzolariga yuqorida keltirib oʻtilgan tavsiyalarga amal qilinishi ustidan nazorat olib boradi.