Bu jarayonda “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlarining nafaqat yuqori saviyada, balki xavfsiz oʻtkazilishi juda muhim. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova shu yoʻnalishda qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, shu yilning 24-may kuni soat 08.00 dan 10.00 ga qadar “Soʻnggi qoʻngʻiroq” bayram tadbirlari respublikamizda faoliyat olib borayotgan 10 mingdan ortiq muassasada maktab oʻquvchilari, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida keng nishonlanishi belgilangan.
Ushbu taʼlim muassasalarida 1-sinf, 9-sinf, 11-sinf boʻlgan jami 2 milliondan ortiq bitiruvchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Respublika hududida oʻtkaziladigan tadbirlarda xavfsizlikni taʼminlashga jami 27 mingdan ortiq Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilari biriktirildi.
Tadbir oʻtkaziladigan taʼlim muassasalari tegishli mutasaddi idoralar xodimlari tomonidan toʻliq tekshiruvdan oʻtkazilib, qoʻriqlash pultiga ulangan. Videokuzatuv kameralari esa hududiy ichki ishlar organlarining situatsion markazlariga integratsiya qilingan.
Bundan tashqari, maktablarda oʻquv yili yakunlanishi munosabati bilan yoshlarimiz xiyobonlar va istirohat bogʻlariga hordiq chiqarish uchun kelishlari kutilmoqda. Ushbu joylarda xavfsizlikni taʼminlashga jami 5 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilar xizmatga biriktirildi.
Hududlardagi bevosita yoʻl chetida joylashgan maktablar oldida harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yoʻl-patrul xizmati inspektorlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib boradi. Maktablarning joylashgan joyiga qarab transport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklanadi. Shu kuni imkon qadar barchaga jamoat transportida harakatlanishlari tavsiya etiladi.
Shu oʻrinda barcha ota-onalar va kattalardan bitiruvchilarning yarim tungacha istirohat bogʻlarida yurishlari, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va taqiqlangan moddalarni isteʼmol qilishlari, koʻchalarda guruh-guruh boʻlib kortejlarda yurishlari, avtomashina, skuter, samokatlarni olib boshqarishlari, anhor, kanal va choʻmilish havzalarida suzishlari, oʻzlarining yonlarida tigʻli kesuvchi, sanchuvchi hamda boshqa inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan buyumlarni olib yurishlariga yoʻl qoʻymaslikni soʻrab qolamiz.