Soʻnggi uch yilda 1,5 mingta oziq-ovqat loyihasi ishga tushdi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini koʻpaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

    Davlatimiz rahbari soʻnggi uch yilda 250 ming gektar paxta va gʻalla yeri oziq-ovqat yetishtirishga berilgani, 160 ming gektar yangi bogʻ va tokzor barpo etilgani, eskirgan 107 ming gektari yangilangani, 1 milliard dollarlik 1,5 mingta oziq-ovqat loyihasi ishga tushganini taʼkidladi.

    Bundan tashqari, 100 ming tonna saqlash, 70 ming tonna quritish, 46 ming tonna saralash va qadoqlash quvvatlari yaratildi.

    Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Shu oyda Oʻzbekiston Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Kengashi aʼzoligiga saylandi.

    «Bu milliy va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish, yangi loyihalarga mablagʻ jalb qilishda biz uchun katta imkoniyat», — dedi Prezident.