Unda maktabgacha taʼlim sohasida 2017-2021-yillar davomida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga kiritilgan innovatsion pedagogik texnologiyalar, qamrovni oshirish yuzasidan olib borilayotgan samarali ishlarda nodavlat sektorining ulushi, bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlovning maqsadi va natijadorligi hamda hamkorlik doirasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ommaviy axborot vositalariga bayonot berildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda 3-7 yoshli bolalarning umumiy sonidan (2,8 mln.) 1 829 328 bola yoki maktabgacha yoshdagi aholining 64,9 foizi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi. Shu bilan birga, 2021-yil 3 chorak yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida 24 922 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, shu jumladan 6 382 ta davlat va 18 540 ta nodavlat, shu jumladan 803 ta xususiy, 16 646 ta oilaviy va DXSH doirasida 1 091 ta nodavlat MTT faoliyat koʻrsatmoqda.

Yuqoridagi maʼlumotlar esa, foizlar koʻrsatkichi yildan-yilga ortib borganini koʻrsatadi. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2030-yilga kelib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.

Statistik maʼlumotlarga tayanib aytadigan boʻlsak, mazkur soha rivoji yoʻlida ajratilgan davlat byudjeti xarajatlari yildan-yilga oʻsib borganligini koʻrish mumkin. Yalpi ichki mahsulotga nisbatan taʼlim xarajatlari ulushidagi davlat byudjeti harajatlari 2017-yil 15,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2021-yilga kelib 21,8 foizga ortdi.

2018-2021-yillarda Investitsiya davlat dasturiga koʻra, 2017-yilda respublika boʻyicha jami 265,2 mlrd. soʻmlik 303 ta maktabgacha taʼlim obyektlari (1 ta yangidan qurilgan, 302 ta rekonstruksiya qilingan) qurib foydalanishga tayyor holda topshirilgan. 2018-2021-yillarda Davlat dasturi doirasida jami 1447 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Muloqotda maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarning sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash borasida qilinayotgan ishlar, erishilgan natijalar haqida ham maʼlumot berildi.

Tadbir soʻnggida ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan barcha savollarga tegishli mutasaddilar tomonidan javob berildi.