“Soʻqoq somsasi” ham geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi

    Toshkent viloyati Parkent tumaniga qarashli Soʻqoq qishlogʻiga xos boʻlgan milliy taom — “Soʻqoq somsasi” Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Mazkur mahsulot oʻzining oʻziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat Soʻqoq togʻlarida oʻsadigan xalq orasida “mador” nomi bilan tanilgan oʻsimlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror taʼmi va xamirining oʻziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.

    Geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi:

    “Soʻqoq somsasi”ning aynan Soʻqoq hududiga mansubligini belgilab, uning sifati, tarixiy ildizlari va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.

    Ushbu roʻyxatga olish jarayoni Toshkent viloyati adliya boshqarmasining koʻmagida amalga oshirildi.

    Eslatma: Geografik koʻrsatkich — bu mahsulotning maʼlum hududga xosligi va uning sifati, mashhurligi yoki boshqa belgilari oʻsha hududning tabiiy, insoniy va tarixiy omillariga chambarchas bogʻliq boʻlganligini ifodalovchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.