Toshkent viloyati hokimligi holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 13-aprel kuni qisqa muddatda yogʻib oʻtgan koʻp miqdordagi kuchli yogʻingarchilik oqibatida Parkent tumani Soʻqoq qishlogʻining Chashma mahallasida sel oqimlari yuzaga kelgan.
Hodisa oqibatida Parkent tumani Soʻqoq qishlogʻining Chashma mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi suv yoʻliga kuchli yogʻingarchilik oqibatida oqib kelgan suv sigʻmay, mazkur hududdagi avtomobil yoʻlining qatnov qismiga toshib chiqqan.
Parkent tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi va tegishli xizmatlar tomonidan mazkur holat yuzasidan hududda oʻrganish ishlari olib borilgan va oʻrganish natijasida hech qanday talafotlar yuzaga kelmaganligi aniqlangan.