Qarorga koʻra, endilikda:
● bolalar mahallalari – bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari;
● yoshlar uylari – yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari;
● ijtimoiy markazlar – ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmatlari deb nomlanadi.
Qaror bilan mazkur xizmatlarni tashkil qilish toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.
Shunga koʻra:
Bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatiga qabul qilish tarbiyalanuvchi yashaydigan joy boʻyicha tuman (shahar) hokimining qarori hamda hududiy xalq taʼlimi boshqarmalarining yoʻllanmasi asosida amalga oshiriladi.
Xizmatga 10 yoshdan katta bolalar ularning roziligi bilan qabul qilinadi.
Yoshlarga hamrohlik qilish xizmatiga ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalardagi yoshlar vakolatli organlar murojaati asosida qabul qilinishi mumkin.
Yoshlarning xizmatga qabul qilinishi uchun erkin xohish bildirishi qabulning majburiy sharti hisoblanadi.
Ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmati Uyushma filiali va/yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki boshqa hamkor tashkilotlar hududida tashkil etiladi.
Bolalarni kunduzgi vaqtda parvarish qilish ota-onalar bilan xizmat oʻrtasida tuzilgan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.