Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentyabrdagi 570-son qarori bilan “Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri va tajriba-sinov hududlarida dori vositalarini asosan elektron retsept orqali tayinlash tizimi joriy etildi.

Elektron retsept tizimining kiritilishidan maqsad:

— dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nom (XPN) asosida tayinlash;

— shifokor tomonidan dori haqida toʻliq va aniq maʼlumot kiritilishi;

— tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarining yagona raqamli platformaga ulanishi;

— retsept bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga erishish.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, dori vositalari ikki asosiy toifaga boʻlinadi:

1. Retsept bilan beriladigan dori vositalari — faqat shifokor retsepti (shu jumladan elektron retsept) asosida realizatsiya qilinadi.

2. Retseptsiz beriladigan dori vositalari — farmatsevt xodim tomonidan retseptsiz sotilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 28-apreldagi 10-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, dori vositasi retseptsiz toifaga kiritilishi uchun u giyohvandlik, psixotrop yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kirmasligi, jiddiy nojoʻya taʼsirlar keltirib chiqarmasligi hamda tibbiy kuzatuvsiz qoʻllanganda xavf tugʻdirmasligi lozim.

Dorixonalardagi farmatsevt xodimlar hamda isteʼmolchilarning yuqorida keltirilgan qonunchilik talablarini yetarli darajada anglab yetmasliklari natijasida amaliyotda eng koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan masala — dori vositalarini qaytarish va almashtirish tartibi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 39-bandiga muvofiq, dorixonalardan realizatsiya qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar qaytarib olinmaydi va shunga oʻxshash dori vositalari va tibbiy buyumlarga almashtirilmaydi.

Biroq sifatsiz dori vositalari, shuningdek shifokor tomonidan berilgan retseptga nomutanosib tarzda dorixona tomonidan realizatsiya qilingan dori vositalari mazkur Nizomga muvofiq qaytarilishi lozim. Bunda sifatsiz dori vositasi va tibbiy buyum deganda yaroqsiz holga kelgan va (yoki) yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlar tushuniladi.

Umuman olganda, dorixona xodimlari hamda isteʼmolchilar dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish jarayonida amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilangan quyidagi asosiy talab va majburiyatlardan xabardor boʻlishlari maqsadga muvofiq:

1. Retsept bilan beriladigan dori vositalarini dorixona peshtaxtasiga joylashtirish qatʼiyan taqiqlanadi;

2. Dorixona xodimi xaridorga dori vositasi boʻyicha quyidagi maʼlumotlarni toʻliq va tushunarli tarzda taqdim etishi shart:

— qoʻllash tartibi, dozasi va yaroqlilik muddati;

— chakana realizatsiya narxi hamda savdo ustamasi miqdori;

— mahsulotning muvofiqlik sertifikati (sifatini tasdiqlovchi hujjatlar);

3. Dori vositalari va tibbiy buyumlar realizatsiya qilinganda xaridorga kassa cheki hamda tovar cheki taqdim etilishi lozim.