Sotuvchi isteʼmolchiga tovarni oʻz vaqtida yetkazib bermasa, penya toʻlashi belgilanmoqda

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqilmoqda.

    Ushbu qonun loyihasi bilan sotuvchi isteʼmolchiga shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatni bajarilmagan qismiga penya toʻlashi nazarda tutilmoqda. Bunda penya summasi yetkazib berilmagan tovarlar bahosidan ortiq boʻlmasligi, penyani toʻlash shartnoma majburiyatlarini buzgan sotuvchi tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, toʻliq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanyapti.

    Bundan tashqari, sotuvchi tovarlarni isteʼmolchiga topshirishning kechikishi isteʼmolchining aybi bilan sodir boʻlganligini isbotlasa, penya toʻlashdan ozod etilishi koʻzda tutilmoqda.

    Munozaralar davomida qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan bir qator yigʻilishlar, seminarlar oʻtkazilgani, ularda deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilingani qayd etildi. Asosli deb topilgan takliflar hujjat matnida aks ettirilib, loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilgani va maromiga yetkazilgani taʼkidlandi.

    Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining qonuniy manfaatlarini isteʼmolchi sifatida huquqlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni isteʼmolchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.