Sotuvchilar tovarni yetkazib berish muddatidan kechiktirgani uchun penya toʻlashi mumkin

    Qonun loyihasi bilan sotuvchi isteʼmolchiga shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatni bajarilmagan qismiga penya toʻlashi nazarda tutilmoqda.

    Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Ushbu qonun loyihasi bilan sotuvchi isteʼmolchiga shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatni bajarilmagan qismiga penya toʻlashi nazarda tutilmoqda.

    Bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovar bahosining 100 foizidan oshib ketmasligi, penyani toʻlash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, toʻliq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanmoqda.

    Shu bilan birga, sotuvchi tovarlarni isteʼmolchiga topshirishning kechikishi isteʼmolchining aybi bilan sodir boʻlganligini isbotlasa, penya toʻlashdan ozod etilishi koʻzda tutilmoqda.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining qonuniy manfaatlarini isteʼmolchi sifatida huquqlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni isteʼmolchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.