Sovrin jamg‘armasi 1 milliard so‘m bo‘lgan fan olimpiadasi o‘tkaziladi

    “Yangi O‘zbekiston” universitetida fizika va kimyo fanlaridan “Buyuk allomalar izidan” nomli Respublika fan olimpiadasi o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

    Olimpiadada umumiy sovrin jamg‘armasi 1 milliard so‘mni tashkil etadi.

    Olimpiadaga yurtimizning barcha umumta’lim maktablari, akademik lisey hamda kasb-hunar texnikumlarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

    Olimpiada ikki bosqichdan iborat:

    Birinchi saralash bosqichi maxsus platforma orqali 9 aprel kuni onlayn shaklda o‘tkaziladi. Saralash bosqichida savollar test shaklida bo‘lib, 20 ta topshiriqni o‘z ichiga oladi. Test savollarini ishlash uchun 70 daqiqa vaqt ajratiladi.

    Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar final bosqichiga o‘tkaziladi. Final bosqichi 15-aprel kuni “Yangi O‘zbekiston” universiteti binosida o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda har bir ishtirokchiga 5 ta savoldan iborat topshiriq berilib, javoblar yozma tarzda topshiriladi.

    Har bir fan bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan 2 nafar mutlaq g‘olibga 20 million so‘mdan pul mukofoti hamda “Yangi O‘zbekiston” universitetida kimyo va materialshunoslik muhandisligi va mexanika muhandisligi yo‘nalishlarida tahsil olish uchun 1 yillik 100% foiz grant taqdim etiladi.

    Shuningdek, olimpiadada har bir fan bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan 10 nafardan jami 20 nafar g‘oliblar 2 million so‘mdan pul mukofoti va “Yangi O‘zbekiston” Universitetida kimyo va materialshunoslik muhandisligi va mexanika muhandisligi yo‘nalishlarida o‘qish uchun 1 yillik 100 foiz grant taqdim etiladi.

    Olimpiadada ishtirok etish uchun joriy yilning 25 martidan 7 apreligacha ro‘yxatdan o‘tish mumkin.