Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 3-fevraldagi “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida xuddi shu omil tufayli qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan 2023-yil 1-aprelga qadar davlat foydasiga undiruvlar bilan bogʻliq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi toʻxtatib turildi.
Tadbirkorlik subyektlarining 2023-yil 1-yanvarga nisbatan 1-fevral holatiga oshgan (hosil boʻlgan) soliq qarzini 2023-yil 1-martdan 1-iyulga qadar foizlarsiz, qoʻshimcha shartlar qoʻymasdan va taʼminot talab etmasdan teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berildi. Soliq qoʻmitasidan oligan maʼlumotlarga koʻra, noqulay ob-havo natijasida toʻliq quvvatda ishlay olmagan 976 ta korxonaning 366,7 milliard soʻmlik soliq qarzini toʻlash muddatlari uzaytirildi.
Barcha subyektlarning muddatida toʻlanmagan soliqlariga 1-aprelga qadar penya hisoblanishi toʻxtatildi. Xuddi shu davrda tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qoʻllanilgan 1,7 trillion soʻm jarimalar undirilmay turildi.
Tadbirkorlik subyektlarining aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish maqsadida 4,2 trillion soʻm (oʻtgan yilning mos davrida 3,9 trln.soʻm) QQS salbiy farq summalari qoplab berildi.
Bundan tashqari, qayta hisobot topshirgan yoki majburiyatini oldindan bajargan subyektlarning hisob raqamiga 603,4 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlari qaytarildi. Shuningdek, soliq toʻlovchilarga 10,4 trillion soʻmlik imtiyozlardan foydalanishga koʻmaklashildi.
Mazkur tadbirlar tadbirkorlik subyektlari faolligi va byudjet tushumlariga ijobiy taʼsir koʻrsatib, joriy yilning birinchi choragida soliq tushumlari 37,9 tillion soʻmni tashkil etdi yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,4 trillion soʻmga (10 foizga) oʻsdi.