Taʼkidlanishicha, fuqarolardan qoʻmita va uning hududiy boshqarmalariga taksilar orqali koʻrsatilayotgan xizmatlar boʻyicha murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning asosan xizmat sifatining pastli, toʻlovlar va hisob-kitoblar bilan bogʻliq muammolar, haydovchilarining muomalasi, yoʻlovchini manzilga yetkazib qoʻyilmayotgani, asossiz ravishda narxlarni oshirish kabi mavzularni qamrab olgan.
Oʻtkazilgan reyd tadbirlari natijasida qator kimchiliklar aniqlangan. Xususan, “DAVR TRANS SERVIS” MCHJga biriktirilgan “Nurafshon ASHB-Kuchlik qoʻrgʻoni-Arancha MFY” yoʻnalishida (tasdiqlangan jadvalga asosan yoʻl haqi 2800 soʻm) narxlarni sunʼiy ravishda oshirilgan. Haqiqatdlan ham haydovchilar tomonidan 5000-7000 soʻmgacha miqdorida yoʻlovchilardan yoʻl haqi olmoqda.
Isteʼmolchilardan asossiz ravishda undirib kelingan 5 mln soʻmdan ziyod mablagʻ isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha “DAVR TRANS SERVIS” MCHJga tegishli koʻrsatma berildi.
Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Sh.X.dan tushgan murojaat oʻrganilganda Buxoro viloyati Kogon shahrida 103 va 114-yoʻnalishlarda harakatlanayotgan Damas haydovchilari tomonidan yoʻlkira haqini asossiz ravishda oshirib, xizmat koʻrsatayotgani maʼlum boʻlgan.
Hududiy boshqarma tomonidan “Transport nazorati Avtomobil va suv transportida nazorat” Buxoro viloyati hududiy boʻlimi tomonidan mazkur yoʻnalishlar trafaretini qoʻyib, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanib kelayotgan transport vositalari litsenziyalari tekshirildi. Qatnovlarda litsenziyasiz va ruxsat etuvchi hujjatlarsiz yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan bir qator transport vositalariga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Toshkent shahridagi boshqarmaga Yandex taksi xizmatiga buyurtma yoʻl haqini naqd pulda toʻlashiga qaramay, bank plastik karta orqali ham yoʻl kiraga qayta pul yechib olingani yuzasidan bir qator fuqarolarning murojaatlari kelib tushgan. Bundan tashqari, buyurtma qilingan bayram tortlari, taomlar, maishiy texnikalarni taksilar orqali yetkazishda ham muammolarga, yaʼni ular notoʻgʻri manzilga yetkazilgani, kechiktirilgani yoki umuman yetkazilmaganiga duch kelgan isteʼmolchilarning murojaatlari ham ijobiy hal etilgan.
Global Star MCHJ tomonidan bunday qoidabuzilishlarga yoʻl qoʻygan haydovchilar YandexGo ilovasida bloklangan, Yandex taksi koʻrsatmagan xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirgan fuqarolarga jami 1 009 000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari qaytarilishi taʼminlangan.
Jizzax viloyatidagi boshqarmaga Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.Sh.ning Jizzax—Paxtakor yoʻnalishida qatnovni amalga oshiruvchi Online Plus MCHJga tegishli taksi xizmatidan noroziligi bildirilgan murojaat kelib tushgan. Oʻrganishlar natijasida ushbu yoʻnalish boʻyicha fuqaro toʻlagan 40 ming soʻmdan ortiqcha olingan yoʻl haqi qaytarilishi taʼminlandi.
Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.F. Call Taxi xizmati xodimi ortiqcha mablagʻ olgani va qoʻpol muomalada boʻlganidan norozi boʻlib murojaat yoʻllagan. Olib borilgan oʻrganish ishlarida haqiqatdan ham taksi haydovchisi 12 000 soʻm boʻlishi lozim boʻlgan xizmat uchun 32 000 soʻm yoʻl haqi talab qilgani aniqlangan. Murojaatchiga ortiqcha olingan 20 000 soʻm mablagʻ qaytarildi va taksi haydovchisiga taksometr ilovasidan toʻgʻri foydalanish va yoʻlovchilar bilan muloqot qilish odoblari toʻgʻrisida tushuntirish berildi.
Samarqand viloyatida fuqaro S.A. va I.E. taksi xizmati xodimlari qoʻpol muomalada boʻlgani va buyurtma hamda yoʻlkira toʻlovlarida yuzaga kelgan muammolar boʻyicha murojaat qoldirgan. Oʻrganish natijasida Yandex taksi xodimlariga xizmat koʻrsatish qoidalariga amal qilish boʻyicha kerakli ogohlantirishlar berildi hamda fuqarolar shikoyatlari qanoatlantirildi.
Fargʻona shahar “Yangiyoʻl” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro O.I. Yandex taksi xizmatidan foydalanganida yoʻl haqi sifatida oldindan plastik kartasidan ortiqcha 9500 soʻm mablagʻi olingani, ammo xizmat koʻrsatuvchiga toʻlov pulini qaytarilishi yuzasidan bir necha bor qilgan murojaatlari yechim topmagani yuzasidan murojaat qilgan. Hududiy boshqarma holat yuzasidan oʻrganishlar olib borgan va ortiqcha olingan mablagʻ qaytarib berilishi taʼminlangan.