Ichki ishlar organlari tomonidan aniqlangan sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan predmetlarning 58 foizi koʻchada, 22 foizi bozorlarda, 24 foizi taʼlim muassasalarida topilgan. Buning oqibatida fuqarolar oʻrtasida oʻzaro janjal sababli bir-biriga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilmoqda.
Bu jamoat xavfsizligiga tahdid solayotgan, barchada tashvish uygʻotayotgan salbiy holdir. Bunga chek qoʻyish maqsadida “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqildi. Shu asosda Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar oʻzgartirilmoqda.
Jinoyat kodeksi 104-moddasi boʻyicha 2017, 2018 va 2019-yillarda jami 3 ming 790 jinoyat sodir etilgan boʻlib, shundan 906 tasida yoki 24 foizida pichoqdan foydalanilgan holda jarohat yetkazilgan.
Bu esa qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan boshqa vositalarni ishlatib qasddan badanga shikast yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi normalarni kiritish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Yuqoridagi moddalarga kiritilayotgan oʻzgartishlar ham shu maqsadga qaratilgan.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 14, 245, 287-moddalari toʻldirilib, kodeksga yangi 185-2 va 185-3-moddalari qoʻshilmoqda.
Xususan, 185-2-moddaning birinchi qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, shahar, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda kasbiy yoki sport faoliyati yoxud maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ochiq holda (gʻilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima jazosi belgilanmoqda.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasbiy yoki sport faoliyati yoxud maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan holda sovuq qurol yoxud sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan, sport va xoʻjalik-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurganlik uchun huquqbuzarlik ashyosini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu moddaning uchinchi qismida oʻzini oʻzi himoya qilish maqsadida fuqaroviy qurolni (bundan oʻzini oʻzi himoya qilish quroli mustasno), sovuq qurolni hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan, sport va xoʻjalik-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan narsalarni olib yurish uchun huquqbuzarlik ashyosini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish bilan bogʻliq javobgarlik kiritish koʻzda tutilmoqda.
Qonunning maʼqullanishi sovuq qurol, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan boshqa ashyolar, shuningdek pichoqdan foydalangan holda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.









