Sovuq va qorda uysiz qolgan fuqaroga yordam koʻrsatildi

    Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani “Surxon sohili” mahallasida fuqaroning sovuq va qorda tashqarida yotgani holati aks etgan video tarqaldi. Viloyat hokimligi mazkur video boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.

    "Ushbu holat Jarqoʻrgʻon tumani hokimligi qoshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʻrganilganda, haqiqatda 1957-yilda Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan fuqaro Q.J. “Surxon sohili” mahallasida joylashgan koʻp qavatli uylar yonidagi qoʻshimcha binoda yashab kelgan.

    Shu kuni (tasvirga olingan kuni) erta tongda sogʻligi yomonlashgani uchun shu yerdagi krovatda yotib, uxlab qolgan vaqtida qoʻshnisi tomonidan telefon vositasida tasvirga olingan. Fuqaro 2010-yilgacha “Nurli diyor” mahallasidagi “barak” (umumiy) uylarda yashagan va uy-joylar buzilgach, “Surxon sohili” mahallasidan uy olib koʻchib kelgan.

    Mazkur uyni esa opasi sotib yuborganligi sababli uyni xarid qilganlar Q.Jni chiqarib yuborgan. Opasi vafot etgan, uning farzandlari Rossiya davlatiga ishlash uchun ketgan va togʻasidan xabar olmasligi maʼlum boʻldi.

    Fuqaro video tarqatilgan kunning oʻzida tuman tibbiyot birlashmasining nevrologiya boʻlimiga yotqizilgan. Hozirda uning salomatligi qoniqarli ahvolda.

    Shu oʻrinda, ushbu holatga befarq boʻlmagan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorchiligimizni bildiramiz", deyiladi xabarda.