Prezidentimizning 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida yillar davomida yechimni kutib turgan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va maishiy sohalardagi ko'plab muammolar o'z yechimini topyapti. Iqtisodiyotda erkin bozor mexanizmlarining joriy etilishi, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash hamda soliq ma'murchiligini takomillashtirish barobarida transport infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilyapti. Bu, o'z navbatida so'xliklarning olis yillik orzu-armonlarini ro'yobga chiqarib, yo'llarini yaqin, ko'ngillarini xotirjam qilmoqda.
Muntazamlik kasb etayotgan parvozlar
Uzoqqa bormaylik, bundan bir yarim yil oldin ham So'xga samolyot uchadi deyilsa, ko'pchilik uchun ertakdagi gapday tuyulardi. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori doirasida Navobod mahalla fuqarolar yig'ini hududida yangi aeroport qurilishi boshlangach, ishonchsizlik o'rnini tezroq xayrli loyihaning poyoniga etishini ko'rishga, samolyotda uchishga bo'lgan ishtiyoq egalladi. Binobarin, qurilish ishlari ham jadal tus olib, umumiy maydoni etti gektar, uzunligi yetti yuz metrni tashkil etgan uchish-qo'nish yo'lagi tez fursatda poyoniga yetkazildi.
Loyiha ijrosi uchun davlat byudjetidan olti milliard sakkiz yuz million so'm mablag' ajratildi. Bu erda uchish maydonchasi, kutish zali, ovqatlanish shaxobchasi, savdo nuqtasi, dam olish joylaridan iborat zamonaviy majmua qad rostladi.
Gazetamizda shu yil oktyabr oyining oxirida qo'nalg'a dastlabki sinov parvozini qabul qilganligi haqidagi xabarni bergan edik. Amalga oshirilgan parvoz hamda So'x aeroportida yaratilgan texnik sharoitlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan edi.
— Kecha Farg'ona xalqaro aeroportidan havoga ko'tarilgan “Humo Air” aviakompaniyasiga qarashli An-2P yo'lovchi samolyoti So'x aeroportiga kelib qo'ndi, — deydi Farg'ona viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Boburbek Ikromov. — Parvoz davomiyligi 35 daqiqani tashkil etdi. Tog' qo'ynidagi qadim maskan haqida juda ko'p etitganman, ammo kelib ko'rishga imkon topa olmagandim. Prezidentimiz tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan aviparvozlar bu borada juda katta imkoniyat va qulayliklar yaratib berayotgani bilan kakta ahamiyatga ega. So'xliklar bizni juda yaxshi kutib olishdi. endi tog' tumani ahli bilan bordi-keldi rishtalari yanada mustahkamlanadi.
— Yangi aviareysning birinchi yo'lovchilaridan bo'lganimdan faxralanaman, — deydi Navobod mahallasida yashovchi Farrux Boborustamov. — Shu kunga qadar Farg'ona shahriga borish uchun bir kun vaqt sarflashimizga to'g'ri kelardi. Bunday qulayliklarni yaratib bergani uchun davlatimiz rahbariga rahmat. Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ko'rinishini tumanimizdagi har bir fuqaro o'z hayotida his etmoqda.
Istiqlol mahallasida yashovchi 87 yoshli Subhiddin ota Sharofiddinov qayd etganidek, bu voqea huddi ertakdek tuyuladi. Aslida esa bu ertak yoki tush emas, hayotiy haqiqat.
Parvozlar haftaning dushanba va juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yo'lovchilar aviachiptalarni Farg'ona, Andijon va Namangan aeroportlari hamda So'x tumani hokimiyati binolarida xarid qilish imkoniyatiga ega.
Ko'hna So'xda bo'lgan kishi uning zilol buloqlari, jo'shqin soylari, ko'kka talpingan archalari, rango-rang betakror tabiatidan, samimiy va tanti odamlarining dilkash suhbati, ilmu ma'rifatga bo'lgan mehridan unutilmas taassurot oladi. Keyingi paytda So'x tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar shiddati tog'liklar hayot tarzini tubdan o'zgartirib yubordi. Shu bois bu maskanga kelish, uning tabiati, turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, odamlari bilan dildan suhbatlashishni niyat qilganlar juda ko'p. Transport infratuzilmasining rivojlanishi, xususan avia qatnovlar muntazamligi sayyohlikning yo'lga qo'yilishiga ham keng yo'l ochadi.
Xalqaro hamkorlik loyihalari
So'xliklarning Farg'ona viloyati hududi bilan bordi-keldisini yaqin qilish borasida boshqa yo'nalishlarda ham ishlar olib borilyapti. Bundan yetti oy oldin Farg'ona viloyati va Qirg'izistonning Botken viloyatlari orasida “Rishton” (“Qaytpas”) va “Tul” (“etikchi”) chegara postlari faoliyati tiklanib, Qirg'iziston orqali o'tgan “Rishton — So'x” yo'li tantanali ravishda qayta ochilgan edi. Bu voqea ham so'xliklar uchun katta shodyonaga aylandi. Chunki ana shundan buyon ular viloyat markaziga kelish uchun 80 kilometr yo'l bosib, behuda vaqt sarflamaydigan, qisqa iasofa orqali ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ko'zlangan manzilga etib boradigan bo'lishdi.
O'tgan hafta oxirida O'zbekiston va Qirg'iziston respublikalari transport vazirlari boshchiligidagi delegatsiyalar a'zolarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. Ular, dastavval, Qirg'izizton hududidan o'tgan “Rishton – So'x” yo'nalishidagi umumiy uzunligi 29 kilometr bo'lgan avtomobil` yo'lining 8 kilometr qismida qo'shni republika yo'lsozlari tomonidanamalga oshirilgan ta'mirlash ishlari bilan tanishishdi.
Transport vazirligi axborot xizmatining qayd etishicha, So'x tumani aholisi bilan bo'lib o'tgan suhbat chog'ida, hudud oqsoqollari davlatimiz rahbarining sa'yi-harkatlari bilan bu yerda amalga oshirilayotgan o'zgarish va yangilanishlar natijasida u bugungi kunda chinakam obod maskanga aylanib borayotganini ta'kidlashgan.
Shundan so'ng, Farg'ona viloyati Rishton tumani hokimligida har ikki mamlakat o'rtasida transport sohasi va tranzit yo'laklarini rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralar bo'lib o'tdi. Xususan, tomonlar "O'zbekiston —Qirg'iziston — Xitoy" temir yo'lining qurilishi masalasida o'zaro fikr almashishgan. Har ikki tomon vakillari ushbu loyihaning amalga oshirilishi O'zbekiston va Qirg'iziston manfaatlariga to'liq mos kelishini hamda mintaqamizning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishini ta'kidlab o'tishdi. Shu bois, ushbu muhim loyiha bo'yicha hamkorlikdagi sa'yi-harkatlarni davom ettirishga kelishib olingan.
Uchrashuvda “Toshkent — Andijon — O'sh — Irkishtom — Qashg'ar” xalqaro mul`timodal yo'nalishida yuk tashuvlari hajmini oshirish orqali ushbu transport koridori imkoniyatlaridan unumli foydalanish, har ikki mamlakat yuk tashuvchilari uchun teng imkoniyatlar yaratish yuzasidan ham fikr almashilgan. SHuningdek, tomonlar “Farg'ona—Uch-Qo'rg'on — Darot Qo'rg'on Saritash — Irkishtom” yo'nalishida yangi avtomobil` yo'lini qurish loyihasini ham muhokama qilib, mamlakatlarimiz o'rtasida transport va tranzit sohasidagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan o'zaro hamkorlikdagi loyihalarni izchil davom ettirishga kelishib olishdi.
Abdurauf QORJOVOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbirlari