Soʻx tumanida samolyot va vertolyotlarga uchish-qoʻnish maydonchasi tashkil etilmoqda

    Mamlakatimizda 12 Avgust 2020 3196

    Fargʻona viloyati Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida rejalashtirilgan barcha chora-tadbirlar oʻz muddatida sifatli amalga oshiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov bugun tuman faollari bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qildi.

    Xususan, davlatimiz rahbarining qaroriga koʻra, Fargʻona viloyati hokimligiga bir oy muddatda Soʻx tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qoʻnish maydonchalarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Ayni kunlarda bu borada amaliy ishlar boshlandi. Xususan, Soʻx tumani “Novobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida kichik aeroport tashkil etilmoqda. Mazkur maydon salkam 10 gektar maydonni egallaydi. Bu yerdan ilgari mahalliy aholi aeroport sifatida foydalangan. Shuningdek, “Fargʻona” xalqaro aeroportida ham mazkur yoʻnalishda aniq tadbirlar ishlab chiqildi.

    Aviaqatnovlarga Oʻzbekistondagi “Humo AIR” aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda Oʻzbekiston havo yoʻllarining “Uzbekistan Helicopters” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli MI-8 vertolyotlarini jalb qilish koʻzda tutilmoqda.

    An-2 samolyoti 12 ta yoʻlovchi sigʻimiga, MI-8 vertolyoti esa 16 nafardan 20 nafargacha odam olish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Yoʻlovchilar 35-40 daqiqada Fargʻonadan Soʻxga yoki Soʻxdan Fargʻonaga yetib olish imkoniyatiga ega boʻladi. Parvozlarni hozircha kuniga 2 tadan amalga oshirish moʻljallanmoqda. Kelgusida talabga qarab aviqatnovlar koʻpayishi mumkin.

    Transport vazirligi aviaqatnovlarning chipta narxlari yoʻlovchilar uchun maqbul narxlarda boʻlishi boʻyicha tegishli tadbirlarni ishlab chiqmoqda. Qarorda Fargʻona shahridan Soʻx tumaniga kichik aviatsiya transporti qatnovi boʻyicha koʻrilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlarini joriy yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan qoplanishini va kelgusi yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlash belgilangan.

    Sux tumani hokimligi Axborot xizmati