Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida tanlovning Soʻx tuman bosqichi oʻtkazildi va gʻoliblar aniqlandi.
Tanlovning “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruvi organi” yoʻnalishida tuman IIB boshligʻi K.Raximberdiyev, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat-notijorat tashkiloti” yoʻnalishida tuman Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi rahbari G.Ibragimov, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik subyekti” yoʻnalishida tumani MTM boʻlimiga qarashli “Happy kids academy” ONMTT mudirasi Sh.Axmedbekova, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro” yoʻnalishida S.Nishonov, “Mahalla – besh tashabbus beshigi” yoʻnalishida Maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri G.Usmonovalar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
- Bolalarni maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich toʻliq qamrab olishda zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalardan keng foydalanib, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini oʻquv-tarbiya jarayoniga joriy etyapmiz. Maktabgacha taʼlim muassasalarida milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob oʻqishga qiziqish uygʻotuvchi oʻquv-metodik, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash bugungi kun talabi. Ana shu jihatlarni eʼtiborga olib, taʼlim dargohimizda jarayonlar zamonaviy taʼlim metodlari asosida olib borilyapti, — deydi tanlov gʻolibi Sh.Axmedbekova.
Taqdirlash marosimida Soʻx tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev ishtirok etib, gʻoliblarga diplom va esdalik sovgʻalarni topshirdi. Shuningdek, soʻxliklarni istiqlol shodiyonalari bilan tabrikladi.
Tanlovning hududiy bosqichlari davom etadi.
Shohsulton Toʻxtamatov, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi.