Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro J.N. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli hamda fuqaro Sh.I. boshqaruvidagi “Spark” avtomashinalari belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Mazkur avtomashinalar yukxonasi va salonida qogʻoz qutilarga solingan xorijda ishlab chiqarilgan, sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan turli nomdagi dori vositalari va ularning noqonuniy realizatsiyasidan olingan 21,4 million soʻm pullar borligi aniqlandi. Bu haqda qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.
Olib qoʻyilgan dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra salkam 205 million soʻmni tashkil qilmoqda.
Yashnobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.X.ni 23 xil turdagi sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirincha pullayotgan vaqtida qoʻlga olishdi. Tezkor tadbir davomida olingan ashyoviy dalillar umumiy qiymati 50 million soʻmlik 731 quti dori vositalarini tashkil qildi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.