Bu boʻyicha Toshkent shahar IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Jizzax viloyatida yashovchi 29 yoshli fuqaro О.U. sodir etganligi aniqlanib, qoʻlga olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, О.U. soxta havola yaratib, uni "onlayn kredit" yoki "moddiy yordam olish uchun bu manzilga bank karta maʼlumotingizni kiriting" mazmunidagi soxta reklamalar bilan, turli kanal va guruhlarda tarqatib, bank karta boshqaruvini berib qoʻygan fuqarolarning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan.
Hozirda holat yuzasidan О.U.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Eslatib oʻtamiz, qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.