Yuzdagi nuqsonlarni bartaraf etaman, deb kosmetolog huzuriga borgan, biroq tuzalish oʻrniga kutilmagan muammoni orttirib olgan ayollarning ijtimoiy tarmoqlardagi eʼtirozli chiqishlari ham kuzatilyapti.

Xoʻsh, ushbu murojaatlar qanchalik asosli? Haqiqiy vaziyat qanday?

Sogʻliqni saqlash vazirgining maʼlum qilishicha, yurtimizda 147 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti tibbiy kosmetologiya ixtisosligi boʻyicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olgan.

Hududlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich – Toshkent shahrida, yaʼni 94 ta.

Endi ular safiga oddiy goʻzallik salonlari hamda tibbiyot tashkiloti maqomiga ega boʻlmagan kosmetologiya muassasalarini ham qoʻshib hisoblasak, bu miqdor yanada ortadi.

Oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, tibbiy kosmetologiya ixtisosligi boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatish uchun litsenziyaga ega nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatida yuqoridagi keltirilgani singari noxush holatlar uchramagan.

Huquq-tartibot idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar asosan litsenziya va diplomsiz faoliyat olib borish natijasida kelib chiqqan asoratlar hamda nojoʻya taʼsirlarga daxldordir. Sababi, litsenziyasiz ishlash — sertifikatlanmagan mahsulot va tibbiy anjomlarni qoʻllash, fiziologiya hamda anatomiya asoslarini bilmaslikni anglatadi.

Oddiy goʻzallik salonlari yoki tibbiyot tashkiloti hisoblanmaydigan turli kosmetologiya markazlarida tegishli maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar tibbiy kosmetologiya bilan shugʻullanayotgani bu muammolarning bosh omilidir, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulugʻbek Sabirov. — Ular tegishli hujjatlar asosida kosmetologiya xizmatini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida hisobdan oʻtib, faoliyat olib borayotgan fuqarolardir. Ushbu kosmetologlar shifokor boʻlmaganliklari uchun ular faoliyatini nazorat qilish sogʻliqni saqlash organlarining vakolatida emas.

Shu bois, mazkur yoʻnalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash choralari koʻrilmoqda.

Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy kosmetologik xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻridagi Nizom va uni tasdiqlash haqidagi buyruq ishlab chiqilgan.

Bu hujjat asosida davlat tibbiyot muassasalari tomonidan alohida tibbiy kosmetologik xizmatlar koʻrsatish tartibi hamda shifokor-kosmetologlarga qoʻyilgan talablar belgilangan.

Ayni paytdagi mavjud holat va fuqarolardan boʻlayotgan murojaatlarni eʼtiborga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi ogohlantiradi:

  • Tibbiy kosmetologiya xizmatidan foydalanmoqchi boʻlsangiz, albatta, tegishli davlat tibbiyot muassasasi yoki shu ixtisoslik boʻyicha tibbiy faoliyatga litsenziya olgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qiling.