Toshkent shahar, Sergeli tumanida yashovchi 20 yoshli (ayol) S.A. murojaat qilib, “Telegram” messenjerida internet doʻkonlardan kiyim olish maqsadida “nomaʼlum shaxs” bilan tanishib, ayollar sumkasini olish maqsadida oldindan 468.000 soʻm pullarni oʻzining bank kartasidan oʻtkazib berganligi va buyurtmani ololmaganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi, 19 yoshli (ayol) S.B. sodir etgani aniqlandi.
Unga koʻra, S.B. “Telegram” messenjerining “online doʻkon” kanalida S.A. bilan tanishib, unga maʼqul boʻlgan ayollar sumkasini yetkazib berish xizmati mavjudligi, oldindan toʻlov qilish kerakligini aytib, oʻzining plastik kartasiga 468.000 soʻm pullarni oʻtkazib olib, S.A. buyurtma qilgan ayollar sumkasini yetkazib bermasdan, u bilan boʻlgan yozishmalarni oʻchirib yuborib, uni qora roʻyxatga kiritib qoʻygani maʼlum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan S.B.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, mazkur jinoiy harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.