Buxoro viloyati, G'ijduvon tumanida yashovchi 30 yoshli G'.S. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 12 261 000 so'm miqdoridagi pul mablag'lari noma'lum shaxs tomonidan o'zlashtirilganligini ma'lum qilgan. Bu haqida IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi axborot xizmati xabar bermoqda.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo'linmalari xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyati, Vobkent tumanida yashovchi 31 yoshli M.U. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.U. internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali “Sizga yutuq chiqdi” mazmunidagi xabarni (havola) jo'natib, ularni qiziqtirib, bank karta ma'lumotlarini qo'lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o'g'irlab, qing'ir yo'llar bilan boylik orttirib kelayotganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, M.U.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.