“Soʻz xiyoboni” oʻzbek tili bayramiga munosib tuhfa boʻldi

    Kitobda poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan millatimiz, tilimiz fidoyilari, adabiyotimizning zabardast vakillari va ularning asarlari haqida adabiyotshunos, tilshunos olimlar yozgan ommabop maqolalar jamlangan.

    Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba 21-oktyabr sanasi — Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida ommaviy tus olib, respublika miqyosida keng nishonlandi. Internet tarmoqlari, oynai jahon, radiokanallar orqali namoyish etilgan bayram chiqishlari yurtdoshlarimizga milliy gʻurur baxsh etdi.

    Tilimizning nufuzini oshirish borasida Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish departamenti qator ezgu ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, oʻzbek tilining sofligini saqlash, uning boyligini koʻrsatishga xizmat qiluvchi oʻnga yaqin kitoblar chop etilib, joylarga bepul yetkazib berilayotgani ona tilimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida departament buyurtmasi asosida nashr etilgan “Soʻz xiyoboni” nomli yana bir kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda departament rahbari Abdugʻaffor Qirgʻizboyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Yozuvchilar uyushmasi rahbari oʻrinbosari Gʻayrat Majid, mohir publitsist Ahmadjon Meliboyev, taniqli notiq Rahimboy Jumaniyozov hamda qator OAV vakillari ishtirok etdi.

    Kitobda poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan millatimiz, tilimiz fidoyilari, adabiyotimizning zabardast vakillari va ularning asarlari haqida adabiyotshunos, tilshunos olimlar yozgan ommabop maqolalar jamlangan. Oʻzbek tili bayramiga munosib tuhfa boʻlgan mazkur toʻplam adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov tomonidan nashrga tayyorlangan. Oʻziga xos dizayon va koʻrinish kasb etgan “Soʻz xiyoboni” “Fan” nashriyoti tomonidan 3 ming nusxada chop etildi.

    Shuningdek, tadbirda Departament, vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar va tuman hokimlari maslahatchilarining kelgusidagi faoliyatiga doir masalalar ham koʻrib chiqildi. Tadbir soʻngida oʻzbek tilini rivojlantirish, ish yuritishda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashda faol ishtirok etgani uchun bir guruh tilshunos olimlar, adabiyotshunoslar, hamkor tashkilotlar vakillari, vazirlik va idoralar, hokimlarning maslahatchilari departamentning tashakkurnoma va faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.