SHifokorlik inson hayotiga daxldor, o'ta mas'uliyatli va mashaqqatli, eng sharafli kasblardandir. SHu bois, bugun xalq salomatligi yo'lida, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari har qancha e'zozga, e'tirofga munosib. Mehnat faoliyatini bemorlarga shifo ulashishdek xayrli va savob bilan o'tkazadigan shifokorlar mamlakatimizda talaygina. Ana shunday shifokorlardan biri Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasining 5-terapiya bo'limi mudiri Dilfuza Do'stmurodovadir.
Ziyoli oilada tavallud topgan Dilfuza opa bolalikdanoq shifokorlik kasbiga mehr qo'yib, etuk shifokor bo'lish yo'lida astoydil harakat qildi. Kamolot pillapoyalarida ulg'aygach, 1979 yilda Andijon davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o'tib, institut talabasi bo'ldi. Bu esa o'z davrida umrini, hayotini tibbiyotga baxshida qilgan qizga omad eshiklarini ochdi.
SHifokor sifatida salomatlik inson uchun eng ulug' ne'mat ekanini qalban anglagan Dilfuza opa 1987 yildan asosiy mehnat faoliyatini boshladi. el-yurt salomatligi yo'lida bor bilim va tajribasini amalda qo'llab, har bir bemorning imkoniyati va ruhiyatiga qarab, alohida yondashdi. Bosqichma-bosqich davolash jarayonida bemorlar dardini yaqindan tushuna bildi. SHifo so'rab, darmon izlab kelganlardan o'z maslahatini ayamadi. Kezi kelganda, har bir bemorning boshida parvona bo'ldi, shifoxonada qolib, kunni, tunlarga, tunni tonglarga uladi. Jonkuyar shifokorning bu ezgu ishlaridan ko'pchilik minnatdor bo'lib, duo qiladi. Ko'pning duosi mustajob bo'lib, Dilfuza opa o'z sohasi bo'yicha qator mas'uliyatli lavozimlarda ishladi. Xususan, u Andijon davlat tibbiyot instituti fakul`tetining gospital terapiya katta laboranti, gospital terapiya kafedrasi aspiranti, gospital terapiya kafedrasi assistenti hamda Andijon shahridagi 4-poliklinikada vrach-kardiolog, shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi 5-terapiya bo'limida davolovchi shifokor, fakul`tet terapiya kafedrasi assistenti va 2017 yildan boshlab hozirgacha institut klinikasining 5-terapiya bo'limi mudiri sifatida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugun dastlabki mehnat faoliyatini boshlaganiga ham qariyb 40 yildan oshayotgan Dilfuza Do'stmurodova hamon qaynoq mehnat jarayonida. O'tgan yillar davomida u yuzlab bemorlarga shifo ulashdi. Uzoq yillar davomida qo'llagan tajriba, bilim va ko'nikmalarini endi shogirdlariga ham o'rgatib kelmoqda. SHogirdlaridan vrach-ordinator Avazbek Qahramonov qo'li engil shifokor bo'lsa, magistr Nurillo Nasriddinov esa bilimga chanqoq yoshlardan.
Darhaqiqat, so'zlari shifo bo'lgan tibbiyot xodimlarini har qancha ta'riflasak, shuncha oz. Negaki, ular bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki shirin so'zlari, qaynoq mehri bilan darddan forig' etadi.
Ilhomjon TOJIBOEV










