Spiker: Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyildi

    Dolzarb 6 Oktabr 2020 1218

    Prezidentimizning 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi xalqimiz tomonidan nafaqat muallim va oʻqituvchilar, tarbiyachilarga, balki barcha jonkuyar ziyolilarimizga yoʻllangan murojaat sifatida qabul qilinmoqda.

    Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov shunday dedi:

    – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda keng koʻlamli demokratik islohotlar, shu jumladan, taʼlim tizimidagi islohotlar asosida yangi Uygʻonish davrining –Uchinchi Renessansning poydevorini shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish zarurati hayotimizdagi siyosiy, iqtisodiy oʻzgarishlarning negizi deb hisoblaydi.

    Mazkur gʻoya oʻzining teranligi va bundan keyingi taraqqiyotimizdagi ahamiyati nuqtayi nazaridan Oʻzbekistonning yangi milliy mafkurasiga aylanishi uchun barcha asoslar mavjud.

    Prezidentimiz IX–XII va XV–XVI asrlarda bizning hududimizda roʻy bergan ikki Uygʻonish davri bilan bogʻliq tarixiy yutuqlar haqida toʻxtalib, Renessansning yangi bosqichini amalga oshirish, Oʻzbekistonni dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga olib chiqish, millatimizning boy maʼnaviy va intellektual salohiyatini tubdan rivojlantirish uchun boy tarixiy oʻtmishimizni ijodiy jihatdan qayta anglash zarurati haqida soʻz yuritdi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar tariximizga nisbatan bepisandlik bilan munosabatda boʻlish borasida muammolar mavjud ekanligidan dalolat beradi. Biz uzoq vaqt davomida oʻz madaniyatimiz va tarixiy merosimizni toʻliq anglash hamda qadrlash masalasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashib keldik.

    Shuni adolatli ravishda taʼkidlash kerakki, Prezidentimiz oʻz tariximizdan uyalish uchun hech qanday asos yoʻqligini, balki aynan koʻp asrlik ilgʻor tarixiy intellektual va madaniy taraqqiyotga ega boʻlgan Oʻzbekiston xalqi oʻz rivojlanishida eng yuqori natijalarga erishishga haqli ekanligini baralla ayta olgan birinchi insondir. Biz oʻz milliy tariximizni va oʻz tarixiy taraqqiyotimizning global istiqbollarini yangicha tarzda mushohada etishni oʻrganishimiz kerak.