Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni esa bu boradagi harakatlarimizga yangi ruh bagʻishladi. Qish boʻlishiga qaramay, erta tongdan xiyobonu koʻchalarda yugurib, chiniqayotgan odamlarni koʻp uchratyapmiz. Bugun harbiylashtirilgan tizim xodimlari oʻrtasida ham sport bilan muntazam shugʻullanish avj olgan. Turli sport musobaqalari oʻtkazish ommalashmoqda.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani keyingi yillarda ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazishga keng yoʻl ochmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning barcha sport musobaqalarida faol qatnashishi, sportni yana-da rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kursantlarimiz musobaqalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Kuni kecha Xiva shahrida armrestling boʻyicha kattalar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston kubogi musobaqalarida vazirlik akademiyasi 4-bosqich kursanti Hurmatillo Madazimov 75 kilogramm vazn toifasida bitta oltin va bitta bronza medalni qoʻlga kiritib, kubok sohibi boʻldi.
— Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni yana-da rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, aholining turli qatlamlari, xususan, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish tobora kuchaymoqda, — deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi oʻqituvchisi, katta leytenant Rustam Choriyev. — Ushbu islohotlar hayotga tatbiq qilinishida murabbiylardan tashkilotchilik va jonbozlik talab etiladi. Albatta, biz ham yoshlarimizga namuna boʻlishga harakat qilyapmiz.
Farhodjon XOJAYEV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
akademiyasi oʻqituvchisi, kapitan.










