Sport kurashlarining Olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 1 Avgust 2022 7052

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ–127-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport kurashlarini olimpiya sport turlari sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida:

    1. Quyidagilar 2022-2024 yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini (erkin kurash va yunon-rum kurashi) (keyingi o‘rinlarda – sport kurashlari) rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

    sport kurashlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan, sportchi ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;

    xotin-qizlarning sport kurashlari bilan shug‘ullanishi va professional sportchi bo‘lishi uchun ularni jalb qilish bo‘yicha keng tashkiliy-amaliy va targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish;

    sportchilarni zamonaviy ilmiy-metodik tavsiyalar asosida tayyorlash orqali o‘quv-mashq jarayonini tashkil qilish, ularning nazariy tayyorgarlik va texnik-taktik ko‘nikmalarini takomillashtirish, professional mahoratini shakllantirish, bu borada natijador xorijiy trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni taklif qilish;

    Birlashgan kurash dunyosi trenerlari va hakamlarini o‘qitish dasturlaridan foydalanish orqali professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli asosda oshirib borish;

    sport kurashlari bo‘yicha mahalliy va xalqaro musobaqalarni tizimli ravishda tashkil qilish, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish, shu jumladan, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarni qo‘lga kiritish va har Olimpiya va Osiyo o‘yinlari siklida ularning sonini ko‘paytirib borish;

    sportchilarning professional mahoratini va trenerlarning kasbiy malakasini oshirish uchun sport kurashlari bo‘yicha xorijiy maktablar bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish, sport kurashlarini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish.

    2. Sport kurashlarining olimpiya turlarini 2022-2024 yillarda kengroq rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablag‘lar;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjeti mablag‘lari;

    sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamg‘armalar, klublar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari;

    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    3. Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda sport kurashlari bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida navbatma-navbat respublikaning barcha hududlarida (olimpiya va xalqaro vazn toifalari bo‘yicha):

    yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro sport musobaqalari;

    o‘smirlar o‘rtasida “Uzbekistan-Grand Prix” xalqaro sport musobaqalari;

    kattalar o‘rtasida “New Uzbekistan” xalqaro sport musobaqalari;

    Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida “Vazir kubogi”, Davlat xavfsizlik xizmati tizimida “Rais kubogi”, Milliy gvardiya tizimida “Qo‘mondon kubogi”, mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimida “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Toshkent shahri hokimi kubogi” musobaqalari o‘tkaziladi.

    Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Qosimov), O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi (S.Abduvaliyev), tegishli mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

    uch oy muddatda ushbu bandda ko‘rsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

    xalqaro sport musobaqalari 2023 yil 1 yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini ta’minlasin;

    xalqaro sport musobaqalarida mahalliy kurashchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan chet ellik kuchli kurashchilar, xalqaro darajadagi trenerlar va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin;

    yuqoridagi musobaqalarni o‘tkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

    Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) yuqoridagi musobaqalarni turistik marshrutlar ob’ektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

    4. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

    o‘z tizimlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar o‘rtasida uch bosqichli (tuman/shahar, viloyat va respublika) “Vazir kubogi”, “Rais kubogi”, “Qo‘mondon kubogi”, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Toshkent shahri hokimi kubogi” sport musobaqalari o‘tkazilishini ta’minlasin, shuningdek, g‘olib va sovrindorlarni munosib rag‘batlantirish choralarini ko‘rsin;

    mazkur qarorga muvofiq O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro sport musobaqalarining yuqori saviyada tashkil etilishida Sportni rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga har tomonlama yaqindan yordam ko‘rsatsin.

    5. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining:

    o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida uyushtiriladigan “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalarining dasturlariga sport kurashlarini kiritish;

    2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sport kurashlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilishning amaldagi davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish haqidagi takliflari ma’qullansin.

    6. Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Qosimov) va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi (S.Abduvaliyev) bilan birgalikda:

    a) 2023 yildan boshlab:

    sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida sport kurashlarining kamida bitta turi bo‘yicha, shuningdek, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida sport kurashlarining ikkita turi bo‘yicha seksiya va bo‘limlar tashkil etsin. Bunda mazkur seksiya va bo‘limlarni tashkil qilishga sobiq bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ularning filiallarini maqbullashtirish va ular xodimlarini qisqartirish natijasida bo‘shab qolgan byudjet mablag‘lari yo‘naltiriladi;

    sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari g‘oliblari va sovrindorlarining (1-3-o‘rinlar), qoida tariqasida, birinchi navbatda xalqaro sport musobaqalari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishini ta’minlasin;

    sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalari va ularning zaxira tarkiblarining mahalliy sportchilardan shakllantirilishiga alohida e’tibor qaratsin;

    sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari va kuboklarida ishtirok etadigan sportchilarning natijalari xorijiy malakali hakamlar tomonidan baholanishini yo‘lga qo‘ysin;

    b) sport kurashlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning bosh trenerlari ishtirokida hududlarda yil davomida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etsin;

    v) zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda trener, hakam va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminarlar, mahorat darslari, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etsin.

    7. 2022-2024 yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi va Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

    O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zarur choralarni ko‘rsin, shu jumladan, ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashsin;

    aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport kurashlarini ommalashtirish maqsadida tuman (shahar) va viloyat miqyosida havaskorlar o‘rtasida sport kurashlari bo‘yicha musobaqalarni muntazam tashkil qilsin va ushbu maqsadlar uchun tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha daromadlari hisobidan mablag‘ yo‘naltirsin;

    2022-2023 yillarda har bir tuman (shahar)da sport kurashlari bo‘yicha havaskor va professional sportchilardan iborat bo‘lgan klublarni tashkil qilsin;

    mahalliy yosh trenerlar va istiqbolli sportchilarning sport kurashlari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va sport musobaqalarida ishtirok etishi bilan bog‘liq jarayonlarni tegishli mahalliy byudjetlarning daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtirsin.

    9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov):

    sport kurashlari bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon, qit’a chempionatlari, xalqaro musobaqalarni, shu jumladan, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan viloyat va respublika birinchiliklari hamda xalqaro sport musobaqalarini muntazam ravishda yoritish choralarini ko‘rsin;

    mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid tele- va radio dasturlar, sportchilarning professional faoliyati haqida maxsus ko‘rsatuvlar va maqolalar tayyorlasin, o‘tkaziladigan brifing va press-konferensiyalarni yoritib borsin.

    10. Milliy antidoping agentligi (A.Sadikov) bir oy muddatda sport kurashlari bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin va amaliyotga joriy qilsin:

    sportchilar va trenerlarni “shaffof sport”ga targ‘ib qilish;

    sportda farmakologik ta’sirga ega dori preparatlari va boshqa moddalardan to‘g‘ri foydalanish borasida sportchilar, trenerlarning madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini o‘tkazish;

    sportchilarni antidoping mavzulariga oid tegishli o‘quv-axborot materiallari va turli ko‘rgazmali ma’lumotlar bilan ta’minlash;

    sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qat’iy rioya qilinishi ustidan samarali antidoping nazoratini amalga oshirish.

    11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Sh.Sh. Maxmudov hamda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi S.K. Abduvaliyev belgilansin va ularga quyidagi vazifalar yuklansin:

    iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sport kurashchilari sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;

    hududlarda sport kurashlari infratuzilmasini barpo etish va kengaytirish bo‘yicha investitsiya va grant mablag‘larini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni belgilash;

    sport kurashlarini ta’lim muassasalari, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish;

    sport kurashlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish, ushbu yo‘nalishda xalqaro va chet el tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;

    2022-2024 yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga to‘laqonli erishish;

    ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini har yarim yilda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilish, zarur chora-tadbirlarni belgilash.

    12. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 29 iyul