баннер
23 Mar 2025
05:25

    Sport milliy gʻururimiz manbaiga aylanmoqda

    Millatning kelajagi sogʻlom va barkamol avlodga bogʻliq. Sport esa nafaqat jismoniy tarbiya, balki vatanparvarlik va iroda maktabi hamdir.

    Shu yil 13-fevral kuni Prezidentimiz raisligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sohaga doir dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Xususan, davlatimiz rahbari jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ragʻbatlantirish yuzasidan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

    Vatanparvarlik va iroda maktabi

    Millatning kelajagi sogʻlom va barkamol avlodga bogʻliq. Sport esa nafaqat jismoniy tarbiya, balki vatanparvarlik va iroda maktabi hamdir. Mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish uchun oxirgi toʻrt yilda ajratilgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshirildi. 101 ta yirik sport inshooti qurilib, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Bu eʼtibor samarasi oʻlaroq, Parij Olimpiadasida sportchilarimiz qator yutuqlarga erishdi.

    Prezidentimiz 2028-yil Los-Anjeles Olimpiadasida Oʻzbekiston sportchilarining kuchli oʻntalikka kirishini maqsad qilib belgiladi. Buning uchun seleksiya tizimini yaxshilash, sport federatsiyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda malakali murabbiylarni tayyorlash kabilar muhim vazifalar qatoriga qoʻshildi.

    Soha taraqqiyotida OTMlar oʻrni

    Bugun sportni har tomonlama rivojlantirish, xalqaro arenalarda yuqori choʻqqilarni zabt etishda oliy taʼlim muassasalarining oʻrni beqiyos. Soʻnggi yillarda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari sport yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlashga kirishmoqda. Bu jarayonda Jizzax davlat pedagogika universiteti ham faol ishtirok etmoqda.

    Ayniqsa, olimpiadachilar va professional sportchilar tayyorlash yoʻnalishida sezilarli oʻsish kuzatilyapti. 2020-yilda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha universitet ilmiy salohiyati 21 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 44 foizga yetdi. Sport razryadlari va yuqori darajali unvonga ega talabalar soni 86 nafardan 274 nafarga ortdi. Ular orasida xalqaro toifadagi sport ustalari, sport ustalari hamda sport ustaligiga nomzodlar bor.

    2020-yilda universitetda jismoniy madaniyat va xotin-qizlar sporti yoʻnalishida kadrlar tayyorlangan boʻlsa, 2021/2022 oʻquv yilidan kurash, 2022/2023 oʻquv yilidan voleybol, 2024/2025 oʻquv yilidan futbol yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Viloyatimizda yoshlar orasida sportning boks turiga qiziqish ortib borayotganini inobatga olib, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab boks yoʻnalishida kadrlar tayyorlash koʻz tutilgan.

    Yangi yoʻnalish ochish uchun, albatta, sport bazasi hamda soha boʻyicha taʼlim beradigan tajribali murabbiylar mavjudligi juda muhim. Bu borada keyingi yillarda Jizzax boks maktabi yuksalganini aytib oʻtish kerak. Bu muassasa tarbiyalanuvchisi, jahon kubogi sohibi Laziz Zokirov, olimpiada oʻyinlari qatnashchisi, Osiyo oʻyinlari gʻolibi Bobousmon Botirov kabi murabbiylar, universitetda oʻqib, nafaqat respublika, balki xalqaro arenalarda ham yuksak natijalarni qayd etayotgan sportchilar — yoshlar oʻrtasida boks boʻyicha 2022-yilgi Osiyo chempioni, Oʻzbekiston ayol-qizlari orasida birinchi jahon chempioni, “Parij – 2024” Olimpiadasi ishtirokchisi Nigina Oʻktamova, boks boʻyicha Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori Aziza Zokirova, Osiyo va jahon chempioni Jahongir Zokirov kabi kadrlarning imkoniyatidan foydalanish samara beradi.

    Jamoaviy sport turlaridan olimpiadada yuqori natijalarga erishish uchun, eng avvalo, vertikal tizimda musobaqalarni tashkillashtirib borish lozim. Universitetda ham bu borada ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Besh tashabbus olimpiadasi, Talabalar ligasi, Universiada musobaqalarining fakultet, universitet bosqichlari oʻtkazilib, jamoaviy sport turlariga nomzodlar seleksiyasi amalga oshirilmoqda. Tizimli ishlar natijasi oʻlaroq, bugun oliy liga bahslarida 3 ta jamoamiz muntazam ishtirok etyapti. “Ziyokor” voleybol jamoasining qizlar tarkibi mamlakat chempionatining oliy liga bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Oʻzbekiston kubogi sohibi, Osiyo chempionlar ligasi ishtirokchisi kabi mavqega ega boʻldi. Oʻgʻil bolalar jamoasi, mana ikki yildirki, oliy liga va Oʻzbekiston kubogi musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.

    Basketbol mamlakatimizda endi rivojlanayotgan jamoaviy sport turlaridan. Samarali ishlar natijasida jamoamiz qisqa muddatda respublika musobaqalarida sezilarli natijalarga erishmoqda. Birinchi liga bahslarida muvaffaqiyatga erishgan “Ziyokor” (qizlar) basketbol jamoasi 2023-yildan buyon oliy ligada ishtirok etmoqda.

    Parasport yoʻnalishida ham talaba sportchilarimiz yuqori natijalar qayd etib kelayotir. Jumladan, jismoniy madaniyat fakultetida tahsil olgan talabalarimiz 2025-yil fevralda Bangladeshda oʻtkazilgan amputantlar futboli boʻyicha Osiyo chempionatida ishtirok etib, Umidjon Abduxalilov oltin medalni, 2025-yil fevralda Tailandda oʻtkazilgan para velosport boʻyicha Osiyo chempionatida Bunyodbek Xaitmahammadov oltin medalni qoʻlga kiritdi. Parasportni rivojlantirish maqsadida universitetning 2 oʻqituvchisi maxsus kurslarni tamomlab, oʻz toʻgaragini ochdi.

    Sport taraqqiyoti uchun investitsiya kiritishga universitetda alohida eʼtibor qaratilgan. Sport infrastrukturasini, moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida sport jihozlari va tovarlari xarid qilinmoqda. 2021-yilda jismoniy madaniyat fakulteti oʻquv binosi va sport zallarida 868 million soʻmlik joriy taʼmirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, universitet bosh binosi va TTJ binosi hududida vork-aut maydonchalari qurib bitkazildi.

    Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻi hisobidan sirtqi boʻlim binosi hududida sunʼiy qoplamali mini futbol maydoni foydalanishga topshirildi. Mazkur maydon uchun 450 million soʻm sarflandi. Tarix fakulʼteti binosi sport zalining pol qismi toʻliq yangilandi hamda bosh bino hududidagi yopiq suzish havzasi inshootida rekonstruksiya ishlari bajarildi. Hozir suzish havzasi inshootida mashgʻulotlar oʻtish uchun barcha sharoit yaratilgan.

    Yurtimizda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish orqali universitet talabalari orasidan xalkaro sport, xususan, navbatdagi olimpiada oʻyinlarida gʻolib va sovrindorlarni tarbiyalash asosiy maqsadlarimizdan.

    Bu borada Jizzax davlat pedagogika universiteti sport taʼlimini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va talabalarga keng imkoniyatlar yaratish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqmoqda. Jahon standartlariga mos professional sportchilar tayyorlash, ilgʻor chet el tajribalarini oʻrganish va trenerlar malakasini oshirish, talabalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi vazifalar koʻzda tutilgan.

    Sportga kirib kelayotgan har bir yoshga imkoniyat yaratish, ragʻbatlantirish va kelajakda Oʻzbekiston nomini xalqaro arenalarda yanada yuksaltirish – umumiy vazifamiz.

    Furqat AHMEDOV,

    pedagogika fanlari nomzodi, professor

    Telegram kanalimiz
    Text to speech