Pandemiya sharoiti davom etayotgan murakkab vaziyatda esa sport bilan shugʻullanish har qachongidanda muhimligi oydinlashdi. Shu bois, mamlakatimizda ham sport bilan ommaviy shugʻullanishga zarur sharoitlar yaratilmoqda, targʻibot ishlari avjida. Qolaversa, 2020-yilgi davlat dasturida ham jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishida bir qator muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan edi.

Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatovning taʼkidlashicha, shu yilning oʻzida sohani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga doir Prezident va Vazirlar Mahkamasining 7 ta meʼyoriy-huquqiy hujjati imzolangan. Maqsad millatni sogʻlomlashtirish, koronavirusni sport yordamida yengish.

Kuchaytirilgan karantin vaqtida aholi uyda oʻtirishga majbur boʻldi, harakatsizlik kuzatildi. Bunday sharoitda sport bilan mashgʻul boʻlish juda muhim, deydi vazirlik mutasaddilari. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini hayotga tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni birinchi kundanoq xalqimiz hayotiga singib, samara bera boshladi.

Qaror asosida keyingi yil 1-martga qadar aholi oʻrtasida kunlik yurish va yugurishni targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi yaratiladi. Platformadan roʻyxatdan oʻtgan faol fuqarolarni moddiy ragʻbatlantirish ham koʻzda tutilgani maʼlum. Albatta, yurtdoshlarimiz faqatgina pul uchun bu ishga kirishmaydi, lekin motivatsiya olishi shubhasiz.

Maʼlum qilinishicha, keyingi yilda 50 ta sport zali va 48 ta sport inshooti qurilishi rejalashtirilgan. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari gimnastika mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi. 2021-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari rahbar va xodimlarining semizlik darajasi, vazn indeksi boʻyicha baholash mezonlari joriy etilib, tahliliy natijalar onlayn kuzatib boriladi, tahlil qilinadi.

Prezidentimizning joriy yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati haqida ham soʻz bordi. Kurash bilan shugʻullanish uchun taʼlim muassasalarida zarur sharoitlar yaratilishi aytildi. Baʼzi sabablarga koʻra, toʻxtab qolgan sport musobaqalari qayta tashkil etilishi, mahallarda sport maydonchalari qurilishi davom etishi maʼlum qilindi.

Matbuot anjumanida umidli sportchilarni tanlab olishda seleksiya ishlariga alohida eʼtibor qaratilayotgani haqida ham soʻz bordi.

– Bu borada Yaponiya tajribasidan ulgi olish mumkin, – dedi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Ermatov. – Ular sportchini bolaligidan tanlab olib, Olimpiada oʻyinlariga tayyorlashni boshlaydi. Mutaxassislar tanlashda kamdan kam adashadi. Shu bois, yutuqlari ham zalvorli. Bizda seleksionerlar yetishmaydi, borlarini ham yetuk, deb boʻlmaydi. Hozirda biz seleksionerlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratyapmiz.

Maktablarda jismoniy tarbiyani fan sifatida oʻqitilishda darsliklar masalasi ham muhim. Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, darsliklar masalasi ham eʼtiborda. Ayni kunlarda yangi oʻquv qoʻllanmalari yaratish borasida ishlar boshlangan. Keyingi oʻquv yilidan bu borada ham yangiliklar boʻlishi kutilmoqda. Bosqichma-bosqich darsliklar yangilab boriladi. Shuningdek, bir vaqtlar qisqarib ketgan jismoniy tarbiya dars soatlari koʻpaytiriladi.

Ravshan Ermatov bolalarni sportga jalb qilish masalasida gapirar ekan, jumladan shunday dedi:

– Biz bolaligimizda qorda ham koʻchaga chiqib futbol oʻynar edik. Hozirchi? Bugungi yoshlar uyidan kam chiqadi, ular kompyuter yoki telefonda turli oʻyinlar bilan band. Achinarlisi, ota-onalar ham shunga yoʻl qoʻyib bermoqda. Jismoniy faol hayot tobora sustlashib bormoqda.

Tadbirda bugun har bir fuqaro sport bilan shugʻullanishi uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani aytildi.