баннер
27 Mar 2025
18:06

    Sport shunchaki oʻyin va musobaqa emas, millat genofondi, mamlakat qudrati, obroʻ-eʼtiboridir

    Inson hayotida sport muhim ahamiyat kasb etib, sogʻlom turmush tarzi, intizom, iroda, gʻalaba ishtiyoqi, jamoaviylik, sof raqobat, jismoniy hamda maʼnaviy tarbiyadir.

    Butun dunyoni birlashtiruvchi, ellarni ellarga, dillarni dillarga tutashtiruvchi kuch ham sport. Sportchi yoshlarimizda ham jismoniy, ham chinakam insoniy fazilatlar toʻgʻri shakllanib borib, ular oʻzgacha vatanparvarlik, yurtga va millatga sadoqat ruhida unib-oʻsmoqda.

    Mamlakatimizda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish borasidagi islohotlar natijasida shu oʻzgarishlardan bahramand boʻlib ulgʻayayotgan yoshlarimiz jahon arenalarida munosib oʻrin egallamoqda, yurtimiz bayrogʻini dunyo uzra baland koʻtarmoqda. Chunki yoshlarimizdagi sportga boʻlgan qiziqish doimo qoʻllab-quvvatlanmoqda va sport sohasini dunyo miqyosida rivojlantirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.

    Prezidentimiz, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida joriy yil 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi, unda belgilangan yangi oʻzgarish va tartiblar, imkoniyatlar hamda tashabbuslar ham yuqoridagi islohotlarning yuksak zalvorini aniq koʻrsatib berdi.

    Yigʻilishda sport sohasi chuqur tahlil qilinar ekan, rivojlanish yoʻlining toʻgʻri manzillari aniq koʻrsatildi. Bunda tizimda yondashuvlarni oʻzgartirish, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiyalash, ragʻbatlantirish boʻyicha mutlaqo yangi metod yaratish zarurligi, Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlarini tashkil etish, ularga viloyat hokimlari boshchilik qilishi, shuningdek, joriy yilda kamida 10 nafardan sportchi va murabbiyni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida oʻqitish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

    Ahamiyatlisi, sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard soʻm ajratilishi, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun joylardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylantirilishi belgilandi.

    Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Nukus, Fargʻona, Samarqanddagi kabi sport fakulteti boʻlgan oliygohlar professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarini olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlanar ekan, bu muhim tajribani qoʻllash imkoniyati Fargʻona davlat universitetda ham mavjudligi bizni behad quvontirdi.

    Ayniqsa, oliygohlar rektorlariga yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual taʼlimning ilmiy-amaliy bazasiga aylantirish imkoni berilayotgani endilikda sport ilmi va amaliyoti uygʻunligi uzluksiz taʼminlanishi, sport maktablarida taʼlim sifati, ilmiy salohiyat, raqobatbardoshlik oshishi hamda mazkur sohaga qoʻyiladigan investitsiya samaradorligi koʻtarilishi kabi istiqbolli natijalarga yoʻl ochadi.

    Bugungi kunda Fargʻona davlat universitetida ham sport maktablari bilan hamkorlik, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish boʻyicha ishlar samarasini koʻrsatmoqda. Avvalo, bu borada jamoamizda ommaviy sport bilan shugʻullanish tartibi toʻgʻri tashkil etilgani, har haftaning ikki kunida erta tongdan professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar oʻrtasida badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazilishi, “sport oyligi” eʼlon qilinib, marafonlar tashkillashtirilayotgani ham talaba-yoshlarga yaxshigina ibrat vazifasini oʻtadi.

    Talaba-yoshlarning ommaviy sportga qiziqishini yanada oshirish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar natijasida universitetdan nayza uloqtirish boʻyicha “Parij-2024” Paralimpiadasi oltin medali sohibi Yorqinbek Odilov, kamondan oʻq otish boʻyicha jahon chempioni Ziyoda Abdusattorova, Chernogoriyaning Budva shahrida boks boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida faxrli 3-oʻrinni, Toshkent shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida 70 kg vazn boʻyicha 1-oʻrinni egallagan Oisha Toirova, Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida kurash boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionati 3-oʻrin sohibi Diyor Polvonboyev, ctol tennisi boʻyicha Andijon viloyatida oʻtkazilgan universiada musobaqalarining respublika final bosqichida yakkalik bahsida 3-oʻrinni egallagan Shoira Qodirova kabi chempion talabalar yetishib chiqdi. Bugungi kunda viloyatimizdagi sport maktablari va oliygohning chempionlikni koʻzlagan koʻplab yoshlari ushbu talabalarimiz mahoratlarini ustoz-shogird yoʻnalishida birga oʻzlashtirib bormoqda.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi Odil Ahmedov futbol akademiyasining yangi filiali oʻtgan yildan viloyatimizda ish boshladi. Xalqimizning sevimli futbolchisi tashkil etgan ushbu “Odil Junior” futbol maktabida 5 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan 100 nafarga yaqin tarbiyalanuvchi sport saboqlarini oʻzlashtirmoqda. Fargʻona davlat universiteti bilan yaqin hamkorlik qilayotgan “Odil Junior” futbol maktabi yoshlari oliygohning sport kompleksi, futbol maydoni va barcha turdagi sport zallari, sport anjomlaridan doimiy ravishda foydalanadi va ular uchun hamisha jismoniy madaniyat fakulteti professor-oʻqituvchilari mashgʻulotlari, kutubxonalar ochiq.

    Oliy taʼlim muassasalari ichida oʻz futbol klubiga ega boʻlgan yagona universitet sifatida talaba-yoshlar futbolini rivojlantirayotgan oliygohimiz futbol jamoasi natijalari ham kundan kunga yuksalib bormoqda. Hozirgi kunda pro-liga oʻyinlarida ishtirok etish darajasiga chiqqan “FarDU” futbol jamoasi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Sergey Lebedov murabbiyligida yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrmoqda.

    Oliygohning sportchi talaba-qizlari erishayotgan muvaffaqiyatlarga toʻxtaladigan boʻlsak, yaqinda Rossiyada boʻlib oʻtgan stritbol xalqaro turnirida Muslimaxon Muhammadiyeva Oʻzbekiston terma jamoasi bilan birga faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritib, ushbu musobaqaning “Eng yaxshi oʻyinchisi” nominatsiyasiga sazovor boʻldi.

    Oliy taʼlim muassasalari talaba-yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari respublika bosqichida ham stritbol boʻyicha FarDU qizlar jamoasi 1-oʻrinni egalladi. Oliy taʼlim muassasalariaro sportning basketbol turi boʻyicha “Talabalar ligasi” musobaqasi hududiy bosqichida FarDU qizlar jamoasi 1-oʻrinni egallab, finalga yoʻl oldi. Stol tennisi boʻyicha “Talabalar ligasi” musobaqasi hududiy bosqichida qizlar jamoasi faxrli 2-oʻringa munosib koʻrildi. Yana bir sportchi talabamiz Shoira Qodirova stol tennisi boʻyicha Andijon viloyatida oʻtkazilayotgan universiada musobaqalari respublika final bosqichida yakkalik bahsida 3-oʻrinni egallab, bronza medalni qoʻlga kiritdi.

    Bundan tashqari, Namangan viloyatida futzal boʻyicha imkoniyati cheklangan sportchilar ishtirokida boʻlib oʻtgan musobaqada talabalarimiz faxrli 1-oʻrinni oldi. Aytish joizki, yaqinda oliygohlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan universiada bahslari ham FarDU sportchi yoshlari uchun omadli kechdi. Kurash boʻyicha oʻtkazilgan universiada sport musobaqalari hududiy bosqichida 7 nafar talabamiz 1-oʻrinni, 4 nafari 2-oʻrinni egallab, final bosqichiga chiqdi. Umumjamoa hisobida esa universitet 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. “Talabalar ligasi” voleybol musobaqasi hududiy bosqichida talaba yigitlar jamoasi faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, kurash boʻyicha oʻtkazilgan universiada sport musobaqasi respublika final bosqichida talabalarimiz Maftuna Xolmatova 48 kg vaznda 1-oʻrinni egallab, oltin medalga ega chiqdi, Ziyodillo Alijonov esa 73 kg vaznda 2-oʻrinni egallab, kumush medalga sazovor boʻldi.

    Bu yutuqlar, erishilgan gʻalabalar negizini xolis tahlil qilgan holda aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan sport sohasidagi barcha tashabbuslar sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashda oliy taʼlim muassasalari uchun eng muhim omil boʻlmoqda.

    Koʻrinadiki, insoniyatning hamisha faol va sogʻlom muhitga tashnaligi jamiyat irodasi bilan chambarchas bogʻliq zaruriyatdir. Aynan shu zaruriyat insonning jamiyatda oʻrni, hurmati, qadr-qimmati boʻladi. Bugun har bir oila idealiga aylangan va yaqinda Parij afsonalarida paydo boʻlgan oʻzbek farzandlari ham boshini baland koʻtargan, millatning gʻururi va shaʼni ne ekanini yurakdan chuqur anglagan, “Gʻalaba – men uchun!” deya marrani katta olgan yoshlarimizning bir boʻlagidir. Hali bu millatda millionlab Diyoralar, minglab Lazizbek va Asadxoʻjalar, Yorqinbek kabi mohir farzandlarimiz yetishib kelmoqdaki, kelgusida jahon maydonlarida Oʻzbekiston nomi qayta va qayta jaranglaydi. Demakki, 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ham bizning chempionlar tillarda doston boʻladi.

    “Parij-2024” Paralimpiya oʻyinlari oltin medali sohibi Yorqinbek Odilov oʻsha faxrli damlarni yodga olar ekan, uning har bir soʻzi yoshlarimiz uchun muhim motivatsiya va mashʼal boʻla oladi: “Sogʻlom odamlar safiga qoʻshilish oson boʻlmadi. Lekin hammasini uddaladim. “Parij-2024” oʻyinlari men uchun alohida ahamiyatga ega maydon boʻldi. Allohga shukr, shunday gʻalabaga qodir qildi va prezidentimiz, xalqimiz, oilam oldida yuzim yorugʻ boʻldi”.

    Shunday oʻgʻlonlarimiz misolida bugun xalqimiz farzandlariga bergan mehri va muhabbati, tarbiya va koʻmagining mevasini tatiyotgani haqiqat.

    Yangi Oʻzbekiston tarixida roʻy bergan yana bir quvonarli voqelik – Abduqodir Husanovning muvaffaqiyati esa butun xalqimizga faxr-iftixor bagʻishladi. Abduqodir oʻz harakati, intilishi va mahorati bilan sport rivoji uchun kechayotgan islohotlarning yurtga, millatga nima berishini amalda koʻrsatib qoʻydi. Ikkita turli “kuchli beshlik” chempionatida oʻynagan birinchi oʻzbek futbolchisining jurnalistlar savollariga bergan javoblari esa bugun hech bir vatandoshimizni befarq qoldirmayapti.

    – Siz premyer ligada oʻynaydigan birinchi oʻzbek oʻyinchisiz. Bu gʻurur oni boʻlsa kerak?

    – Ha, bu faqat men uchun emas, butun Oʻzbekiston uchun. Birinchi oʻzbek “Manchester Citi”da. Bu hali boshlanishi. Oʻzbeklar hali koʻp keladi Angliyaga.

    – Jahon chempionatiga Oʻzbekiston biror marta ham chiqmagan. U yerda futbol qanday rivojlanyapti?

    – Juda yaxshi rivojlanyapti. Bir qadam qoldi jahon chempionatiga chiqishimizga.

    Mana, koʻz oʻngimizda haqiqiy kelajak egasining javobi! Umid yuqori, ishonch baland, eng muhimi, sportni qanchalik sevsa, yurtini shu qadar sevadi, yutuqlarini kutadi.

    Eʼtirof etish zarurki, yoshlarimizdagi oʻzgarishlar va sohadagi katta siljishlar, oʻzbek sportidagi kutilgan lahzalar joriy yilda yanada yorqinroq yuzaga chiqa boshladi.

    Bu kunlarda biz nafaqat gʻalabalardan bahramand boʻldik, balki barcha sportchilarimizdagi ajoyib umumiylik – yuksak vatanparvarlik ruhiga ham shohidmiz. Bu esa davlatimiz rahbarining oʻzi shaxsiy namuna boʻlib, kelajak egalariga koʻrsatayotgan hayotiy ibrati meva bera boshlagani ifodasidir.

    Yaqinda dunyo sportsevarlari nigohida boʻlgan Javohir Sindarovning Xikaru Nakamuraga qarshi olamshumul gʻalabasi shaxmat olamida katta shov-shuvga sabab boʻldi. Sindarovning jasorati va mahoratiga barcha xalqlar xavas qildi. Ushbu gʻalaba yurtimizning yosh shaxmatchilari uchun katta ilhom manbai boʻlib, ularni oʻz ustida yanada koʻproq ishlashga, mehnat qilishga undamoqda.

    Shu bilan birga, Gulruhbegim Tohirjonovaning Oʻzbekiston shaxmat terma jamoasiga qaytishi yana bir muhim voqelikdir. Uning vatanga boʻlgan muhabbati va sadoqati yillar oʻtsa-da, oʻzlikni namoyon qildi. Oʻzbekistonga butunlay qaytgan shaxmatchimiz 2020-yilda AQSHning Missuri universiteti jamoasiga qoʻshilgan va 5-yil davomida xalqaro musobaqalarda AQSH nomidan ishtirok etib kelardi. Endi esa kuchli qizimiz Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida ekani quvonarlidir.

    Futbol boʻyicha Oʻzbekiston amputantlar terma jamoasining Osiyo chempioni boʻlishi esa alohida eʼtirofga loyiq. Ularning gʻalabasi nafaqat sportchilarimiz mahoratini, balki ularning iroda kuchini ham koʻrsatdi. Ushbu gʻalaba yoshlarimizga har qanday qiyinchiliklarni yengish mumkinligini isbotladi.

    Qishki Osiyo oʻyinlarida Dmitriy Chigiryov va Yekaterina Geynish juftligining oltin medali esa Oʻzbekiston uchun tarixiy voqea boʻldi. 26-yillik tanaffusdan soʻng qoʻlga kiritilgan ushbu gʻalaba Oʻzbekiston qishki sporti rivojiga katta hissa qoʻshadi.

    Vatanparvar, shijoatli yoshlar uchun bu yurtda munosib ragʻbat bor, ochilmagan eshikning oʻzi yoʻq. Shunday ekan, bu mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch egalari yetishib chiqaveradi. Marralar esa yuksak!


    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech