Qonun bilan Jinoyat kodeksining ayrim normalariga sport sohasidagi korrupsiya uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, xususan, kelishilgan oʻyinlarni tashkil etish, ularda ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga qaratilgan qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Yaʼni, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga ogʻdirib olishi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun milliy qonunchiligimizni zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, sport sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.