So'nggi yillarda mamlakatimizda aholini jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga jalb qilish ishlari bo'yicha bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Hozirga qadar respublikamizda foydalanishga topshirilgan sport inshootlari soni 12 mingdan ortiqqa etkazildi.
Bu kabi islohotlar natijasida, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanadigan aholining umumiy soni ortishiga erishildi.
SHunga qaramasdan, mavjud sport inshootlaridan foydalanish ahvoli qoniqarsizligicha qolmoqda.
Jumladan, Davlat rahbari tomonidan bugungi kunda sport inshootlaridan foydalanish ahvoli qoniqarsiz deb topilib, ko'plab sport ob'ektlaridan foydalanilmay kelinayotganligi, ularning foydali ish koeffitsienti 50%dan past ekanligi ta'kidlab o'tildi.
SHu bilan bir qatorda, Adliya vazirligi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda o'tkazilgan o'rganishlar natijasiga ko'ra, mavjud sport inshootlarining (stadion, sport zali, basseyn, manej va boshqalar) bir kunlik sport mashg'ulotlarini o'tkazish quvvati qariyb 1,5 mln. kishini tashkil etib, umumiy aholining soniga nisbatan sport inshootlari bilan ta'minlanish darajasi 4,5%dan oshmaydi.
Xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida jami 1 434 ta sport inshootlari mavjud bo'lib, bugungi kunda ulardagi mavjud bo'sh er maydonlari va binolarning mavjud imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmasdan kelinmoqda.
Qayd etilgan sport inshootlarning bo'sh turgan qismidan davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanish bo'yicha 120 ga yaqin ob'ektlarning ro'yxati ishlab chiqilgan bo'lsada, bugungi kunga qadar birorta DXSH bitimlari imzolanmagan.
Qayd etish joizki, Qoraqalpog'iston Respublikasida 10 ta, Andijonda 4 ta, Buxoroda 4 ta, Jizzaxda 10 ta, Qashqadaryoda 9 ta, Navoiyda 8 ta, Samarqandda 11 ta, Sirdaryoda 6 ta, Surxondaryoda 6 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Farg'onada 12 ta, Xorazmda 14 ta, Toshkent shahrida 12 ta sport muassasalarining bo'sh turgan bino va er maydonlari mavjud.
Vazirlik tizimidagi sport maktablarining reytingi natijalariga ko'ra ulardan 285 tasining faoliyati samaradorligi qoniqarsizligicha qolmoqda.
Sport maktablarining faoliyati samaradorligiga balansida sport inshootlari mavjud emasligi, sport anjomlari ta'mirtalab va yaroqsiz holatga kelib qolganligi, sport razryadlari bajarilmaganligi, sportchilarning musobaqalarda erishgan natijalari pastligi, metodik tavsiyalar va qo'llanmalar ishlab chiqilmaganligi, trenerlar, metodistlar va shifokorlarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi ta'minmaganligi kabi tizimli kamchiliklarga yo'l qo'yilayotganligi ta'sir ko'rsatmoqda.
Bundan tashqari, respublika bo'yicha mahallalar bo'ylab o'tkazilgan o'rganishlar natijasi shuni ko'rsatmoqdaki, jami 9 168 ta mahalla fuqarolari yig'inlarining 3 210 tasida (35%) hudud aholisining jismoniy tarbiya va sport mashg'ulotlari bilan shug'ullanishlari uchun sport inshootlari tashkil etilmagan.
Qolaversa, umumiy o'rta ta'lim maktablarini va maktabgacha ta'lim muassasalarini sport zallari bilan ta'minlash hamda ulardagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish darajasi ham pastligicha qolmoqda.
Hududlarda o'rganilgan 9 965 ta maktablarning 2 242 tasida (22,5%) sport zallari yo'q bo'lib, sport zallari mavjud maktablarning ko'pi ta'mirtalab va ulardagi imkoniyatlardan to'liq foydalanilmasdan kelinmoqda.
Masalan, Farg'ona viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 785 ta maktab sport zallarining 114 tasi (14,5%) ta'mirtalab holatda bo'lib, Jumladan, Bag'dod tumanidagi 40 ta maktab sport zallarining 21 tasi (52,5%) ta'mirtalab ahvolda.
Qo'shtepa tumanidagi 34-maktabdagi ta'mir holati esa Sobiq ittifoq davridan saqlanib qolgan va zarur inventarlar mavjud emas.
SHu bilan birga, hududlar kesimida o'rganilgan davlat tasarrufidagi 6 126 ta maktabgacha ta'lim muassasalarining 4 986 tasida (81,4%) xavfsiz sport maydonchalari va bino-inshootlari bilan ta'minlanmagan.
Misol uchun, Namangan viloyati maktabgacha ta'lim bo'limlari tasarrufidagi 576 ta maktabgacha ta'lim muassasalarining 574 tasi (99,6%), Surxondaryo viloyatidagi 376 ta maktabgacha ta'lim muassasalarining barchasida (100%) sport zallari mavjud emas.
YUqorida qayd etilgan holatlar, respublikamizda tashkil etilgan sport infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish masalasi hanuzgacha dolzarbligini ko'rsatmoqda.
Adliya vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi