Hujjat bilan 2024-2026-yillarda ogʻir atletika sport turini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi:
- yoshlarning ogʻir atletikaga qiziqishini oshirish, bu boradagi targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularning ushbu sport turi bilan shugʻullanishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish;
- iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashni yanada takomillashtirish;
- ogʻir atletika hamda parapauerlifting yoʻnalishini rivojlantirishga qaratilgan alohida dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
- ogʻir atletika va parapauerlifting boʻyicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish.
Ogʻir atletika boʻyicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularning professional tayyorgarligini tashkil etish uchun Sport vazirligi huzuridagi Ogʻir atletika markazi tashkil etiladi.
Markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Markaz oʻz faoliyatini 2025/2026 oʻquv yilidan boshlaydi hamda oʻquvchilarining umumiy kontingenti jami 90 nafarni tashkil etib, ular 7-11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi.
Markaz oʻquvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlari uchun ota-onalardan toʻlov undirilmaydi hamda oʻquvchilar toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat bilan taʼminlanadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Ogʻir atletika sport turini 2024 2026-yillarda kengroq rivojlantirish dasturi;
- 2024-2026-yillarda ogʻir atletika sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 20.03.2024-yildan kuchga kirdi.