Sportchilarimiz XI jahon oʻyinlarida ishtirok etadi

    7-17-iyul kunlari AQSHning Alabama shtati, Birmingem shahrida Butunjahon sport oʻyinlari boʻlib oʻtadi.

    Dunyoning 110 mamlakatidan taxminan 3600 nafar sportchi ishtirokida kechadigan bellashuvlarda hamyurtlarimiz ham qatnashadi.

    Eslatib oʻtamiz, jahon oʻyinlari har 4 yilda oʻtkaziladigan, dasturining aksariyati noolimpiya sport turlaridan tashkil topgan kompleks musobaqa hisoblanadi. Oʻtgan yili oʻtkazilishi lozim boʻlgan musobaqa epidemiologik vaziyat sabab 1 yilga surilgan.

    Reglamentga koʻra, musobaqada ishtirok etish uchun sportchilar oʻz yoʻnalishlarida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan boʻlishi yoki maʼlum kvalifikatsion musobaqadan oʻtishi kerak. Bu yilgi Butunjahon oʻyinlarida Doston Otabolayev (karate), Yekaterina Fetisova (badiiy gimnastika), Darya Latisheva (ushu), Bahromjon Masharipov (jiu-jitsu), Fanat Qahramonov (muay-tay) yurtimiz sharafini himoya qilishadi. Jumladan:

    8-9-iyul: Dostonbek Otabolayev (karate);
    12-13-iyul: Yekaterina Fetisova (badiiy gimnastika);
    13-iyul: Darya Latisheva (ushu);
    15-iyul: Bahromjon Masharipov (jiu-jitsu);
    15-17-iyul: Fanat Qahramonov (muay-tay).

    Umuman, musobaqa dasturida akrobatika, rollerda figurali uchish, sohil voleyboli, bouling, sumo, arqon tortish kabi 30 ta sport turini uchratish mumkin. Musobaqa tarixida jamoamiz 1997-yil 1 tadan oltin va kumush, 2005-yil 1 ta bronza medaliga sazovor boʻlgan.

    Hozirda Doston Otabolayev murabbiyi Oʻktam Bekpoʻlatov bilan Birmingem shahrida yetib borgan. Delegatsiyamizning asosiy qismi esa bugun okean ortiga yoʻl oldi.