Jismoniy va raqamli musobaqalarni birlashtirgan yangi formatdagi mazkur multikompleks o‘yinlar dunyo sportida yangi davrni boshlab bersa ajab emas. Ushbu kunlar davomida Tatariston poytaxti butun dunyodan tashrif buyurgan sportchi yoshlarning e’tibor markazida bo‘ladi.
Bahslar 21 ta innovatsion yo‘nalish bo‘yicha (16 ta asosiy va 5 ta kengaytirilgan dastur) o‘tkaziladi. Ularning har biri «fijital» (jismoniy va raqamli) tushunchasini ifodalaydi, ya’ni jismoniy harakat va kibersportni birlashtiradi. G‘olib sportchilarning har ikki dasturdagi natijalarining yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi.
Ta’kidlash joiz, ushbu xalqaro musobaqada mamlakatimiz sharafini virtual velosport, sport dasturlash, fijital-xokkey va fijital-poyga kabi 4 ta sport turidagi vakillarimiz himoya qiladi.
Sportchilarimiz mazkur bellashuvlarga tayyorgarlikni turli mamlakatlarda olib boryapti. Jumladan, xokkeychilarimiz Rossiyada, velosportchilarimiz esa Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazyapti.
Musobaqada birinchi bo‘lib ishtirokini boshlaydigan fijital-xokkey jamoamiz 14-fevralda Qozonga yetib boradi. Delegatsiyaning asosiy qismi esa 20-fevralda Tataristonga tashrif buyurib, 21-fevralga belgilangan ochilish marosimida qatnashadi. Nisbatan keyinroq bahslarga kirishadigan fijital-velosport jamoamiz 22-fevralda Turkiyadan to‘g‘ri Qozon shahriga uchib keladi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.