Bugungi kunda Oʻzbekiston hukumati tomonidan sportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqdaki, bu oʻz navbatida, sportchilarning jismoniy holati va muvaffaqiyatga erishishida tibbiyot xodimlari zimmasiga ham katta vazifalar yuklaydi. Qolaversa, bu jarayon sport tibbiyoti sohasi vakillaridan oʻz ustida tinimsiz ishlash, izlanish hamda malakasini oshirishni talab qiladi.

Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tomonidan sport tibbiyoti xodimlari – sport shifokorlari, diyetologlar, sport psixologlari va sport farmakologlari kasbiy mahoratlarini mustahkamlashi uchun shu yil 28-fevraldan 4-martga qadar oʻquv-seminar kurslari tashkil etildi.

28-fevral kuni ishtirokchilarga sport va tiklovchi tibbiyot asoslari hamda antidoping nazorati haqida maʼruzalar oʻqib eshittirildi. Sport shifokorlari nazarida antidoping qoidalari, dopingdan foydalanishning salbiy oqibatlari, sport reabilitatsiyasida fizioterapiyaning qoʻllanilishi, sportchilarni medikamentoz va nomedikamentoz hamda fizioterapevtik davolash usullariga bagʻishlangan maʼruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

1-mart kungi oʻquv-seminarda sport diyetologiyasiga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi. Bunda ishtirokchilarga sportchilarning jismoniy mashgʻulotlar davrida ovqat hazm qilish fiziologiyasi, normal ovqatlanish, toʻgʻri ovqatlanishdagi buzilishlar mavzusida maʼruzalar oʻqib eshittirildi. Shu bilan bir qatorda, ratsional ovqatlanish – ogʻir jismoniy zoʻriqishga moslashish va tiklanish uchun kuchli vosita, sportchilarda quvvat muvozanati, quvvat sarfini aniqlash va haqiqiy ovqatlanishni baholash, quvvat, makro va mikroyelementlar, biologik faol moddalarga boʻlgan ehtiyojni toʻliq toʻldirish va organizmning suv balansini saqlab turish bilan sportchining ovqatlanishini shakllantirish mashgʻulot jarayonini tashkil etishning muhim talablari xaqidagi maʼruzalar ham taqdim etildi.

Seminarda yuqori malakali, ilmiy unvonga ega boʻlgan mutaxassislar maʼruza oʻqimoqda. Oʻquv-seminar kurslari tugaganidan soʻng ishtirokchilarga sertifikat taqdim etiladi.