Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-fevraldagi “Turizm, madaniy meros va sport sohalarida davlat boshqaruvini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–75-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Sportni rivojlantirish vazirligining tashkiliy tuzilmasi
1-ilovaga muvofiq;

Sportni rivojlantirish vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 76 nafar boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Sportni rivojlantirish vazirligining hududiy boʻlinmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 594 nafar etib belgilansin.

3. Sportni rivojlantirish vaziriga:

sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosarlari oʻrtasida aniq vazifalar va funksiyalarni taqsimlash;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;

zarur hollarda, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Sportni rivojlantirish vazirligi markaziy apparati, shuningdek, tizim tashkilotlari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ular boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.

4. Belgilansinki:

Sportni rivojlantirish vazirligi faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi;

Vazirlar Mahkamasi apparati Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyatining sport sohasiga masʼul xodimlari Vazirlar Mahkamasi apparatining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tarkibiga oʻtkaziladi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur banddagi talablardan kelib chiqib Hukumat apparatining shtat jadvaliga hamda tegishli tarkibiy boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.

5. Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida byudjetdan tashqari Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil qilinsin.

Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga sport sohasidan kelib tushgan mablagʻlar Jamgʻarmaga toʻliq oʻtkazilsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Sportni rivojlantirish vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari faoliyati Davlat byudjeti mablagʻlari, vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Jamgʻarma mablagʻlari Sportni rivojlantirish vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, tizim tashkilotlari xodimlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.

7. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning manbalari etib belgilansin:

muassisi Sportni rivojlantirish vazirligi hisoblangan korxonalar va tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda – tizim tashkilotlari) ixtiyorida soliqlar va yigʻimlar toʻlanganidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi;

xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlarga muvofiq davlat mulki obyektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan tegishli mablagʻlar;

tizim tashkilotlarining mol-mulkini (bundan koʻchmas mulk mustasno) sotishdan tushgan mablagʻlarning 50 foizi;

tizim tashkilotlarining mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan byudjetga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarning 50 foizi;

tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Sportni rivojlantirish vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan Davlat byudjeti mablagʻlarining, shuningdek, talon-taroj, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 foizi;

tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Sportni rivojlantirish vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari va byudjetdan tashqari jamgʻarmalar daromadiga undirilgan noqonuniy sarflangan byudjet mablagʻlari, talon-taroj, rastratalar, kamomadlar summalari;

tizim tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga tushadigan mablagʻlarning 10 foizi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

sport sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Belgilansinki:

Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarining 3 foizi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida sotiladigan davlat mulki obyektlarini sotishdan hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar bundan mustasno) Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi. Bunda ushbu mablagʻlarning bir qismi tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, tadbirkorlar uchun tashkil etiladigan oʻquv kurslarini maqsadli moliyalashtirish uchun Savdo-sanoat palatasiga yoʻnaltiriladi va uning miqdori Savdo-sanoat palatasi Prezidiumi tomonidan belgilanadi;

Turizm va sport vazirligining mol-mulki, shu jumladan, avtotransport vositalarini Sportni rivojlantirish vazirligiga oʻtkazishda qayta rasmiylashtirish uchun toʻlovlar undirilmaydi;

Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan, oʻzgartirilayotgan va boshqa tashkilotlar tizimiga oʻtkazilayotgan tashkilotlarga biriktirilgan koʻchmas mulk obyektlariga va boshqa mol-mulkka boʻlgan huquqlar tegishli yigʻimlar va boshqa toʻlovlar undirilmagan holda qayta rasmiylashtiriladi;

Turizm va sport vazirligining markaziy apparati xodimlarini Sportni rivojlantirish vazirligiga ishga qabul qilish sportni rivojlantirish vaziri tomonidan tegishli davlat organlari tomonidan ilgari amalga oshirilgan kelishuvlarni, tanlov natijalarini inobatga olgan holda, mustaqil amalga oshiriladi;

Sportni rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangunga qadar, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda hududiy boʻlinmalar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-iyuldagi 477-son qarori bilan tasdiqlangan Turizm va sport vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga va amaldagi tartibga asosan amalga oshiriladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda vazirlik toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Sportni rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Davlat byudjetining 2022-yil uchun tasdiqlangan byudjet parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Sportni rivojlantirish vazirligi Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy koʻchasi, 2-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.

11. Sportni rivojlantirish vazirligi:

ikki hafta muddatda vazirlikning hududiy, tarkibiy va quyi boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar (ustavlar), ularning tuzilmalari, shuningdek, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari qayta tasdiqlanishini taʼminlasin;

bir oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 18-fevral