Britaniyaning Nature jurnali “Sputnik vaksinasining xavfsiz va samarali ekanligidan koʻplab dalillar guvohlik beradi” sarlavhasi ostida maqola chop etdi. Material — bu tahlil, ammo ekspertlar tomonidan koʻrib chiqilgan ilmiy maqola emas.
Material muallifi, jurnalist Byanka Nogradining soʻzlariga koʻra, preparatni turli mamlakatlarda ishlatilayotgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uning samaradorligi va xavfsizligidan darak beradi. Ammo vaksina hali Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va Yevropa tibbiyot agentligi tomonidan tasdiqlanmagan (YETA).
Muallif «Sputnik V«ning dunyoga tarqalishi uning samaradorligi haqidagi dastlabki shubhalar va kamdan-kam uchraydigan nojoʻya taʼsirlar toʻgʻrisida maʼlumotlarning yetarli emasligi sabab sekinlashganini qayd etadi.
Materialda Rossiyada preparat sinovlarning birinchi va ikkinchi bosqichi natijalari eʼlon qilinishidan bir oy oldin roʻyxatdan oʻtkazilgani, erta emlash sinovlarining xom natijalari haqida soʻz borgan.
Shuning uchun «Sputnik V” hali ham JSST va YETA tomonidan tasdiqlanmagan, bu uning chet elda qoʻllanilishini cheklaydi. Nashr savollariga javob bergan mutaxassislarning taʼkidlashicha, ishonchsizlikning yana bir sababi Rossiyada vaksinaning nojoʻya taʼsirlarini kuzatish sifatiga oid xavotirdir. JSST avvalroq Gamaleya markazidan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻragan va Rossiyaning vaksinalar ishlab chiqarish quvvatlarini tekshirishda davom etmoqda.
Maqola muallifining taʼkidlashicha, keyinroq sinov natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar paydo boʻlishi bilan vaksinaning samaradorligi toʻgʻrisidagi shubhalar yoʻq qilindi. Birinchi navbatda, sinovlarning birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqichlari natijalari, keyin esa samaradorlik toʻgʻrisida boshqa mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar davomida olingan maʼlumotlar nashr etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Sogʻliqni saqlash vazirligi 81 ming kishida ikki dozali preparatni qoʻllash orqali uning samaradorligini tekshirdi. Rossiya vaksinasining samaradorligi koʻrsatkichlari COVID-19ning oldini olishda 97,8 foizni, ogʻir kasalliklarning oldini olishda 100 foizni tashkil etdi.
Argentina Sogʻliqni saqlash vazirligining yangi maʼlumotlari ham «Sputnik-V«ning xavfsizligini tasdiqladi. Bunga emlash xavfsizligini nazorat qilish agentligining 12-hisoboti ham dalolat beradi.
Xabarda aytilishicha, «Sputnik-V” ushbu mamlakatda eng ommabop dori. Rossiya vaksinasining 6,9 million dozasi Argentinada allaqachon ishlatilgan. Agentlik hisobotida emlangandan soʻng yuzaga keladigan nojoʻya taʼsirlar maʼlum qilingan. Bu yerda inyeksiya bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan holatlarning barchasi hisobga olingan.
Taʼkidlanganidek, «Sputnik-V«da emlash bilan bogʻliq deb taxmin qilinadigan nojoʻya reaksiyalarning eng yuqori darajasi - 100 ming dozada 580 ta kuzatilgan. Ammo bu nojoʻya taʼsirlar har doim yengil alomatlar shaklida kuzatilib, bironta oʻlim qayd etilmagan.
Agar faqat ogʻir oqibatlar, emlashdan keyin kasalxonaga yotqizish holatlari hisobga olinadigan boʻlsa «Sputnik V” 0,0027 foiz holatlar bilan ikkinchi oʻrinda turadi.
Taʼkidlanishicha, «Sputnik V” bilan emlangandan soʻng eng koʻp uchraydigan nojoʻya taʼsirlar bosh ogʻrigʻi, yengil isitma, umumiy holsizlik, inyeksiya joyidagi ogʻriqdir. Ushbu alomatlar barcha yon taʼsirlarning 97 foizini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, Argentinada ayollarning Rossiya vaksinasining nojoʻya taʼsiri haqida shikoyat qilishi ehtimoli koʻproq ekanligi maʼlum boʻldi. Buning sababi shundaki, u yerda tibbiyot xodimlari birinchi navbatda emlangan va ularning aksariyati ayollardir.
Mamlakatda faqat ikkita tromboz kasalligi kuzatilgan, ammo u ham vaksina bilan bogʻliqligi toʻgʻrisida hech qanday dalil yoʻq edi. Trombozning aniqlangan ikkinchi holatidan soʻng yana olti million emlash oʻtkazildi va u bunday oqibatlarga olib kelmadi.