Joriy yil 17-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Koronavirus pandemiyasi davridan keyingi muammolar va KAMKA mintaqasi uchun imkoniyatlar” mavzusidagi videokonferentsaloqa tarzida o‘tkazilgan davra suhbatida ishtirok etdi.
Davra suhbatida AQShning J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti direktori Svante Kornell, Jorj Marshall nomidagi Yevropa xavfsizlik masalalarni o‘rganish markazi Xalqaro va xavfsizlik masalalari fakulteti dekani Endryu Mikta, shuningdek, Buyuk Britaniya va Mongoliyadan ekspertlar va ishbilarmonlar qatnashdi.
Videomuloqotda dunyoda hozirgi pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Jumladan, ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining so‘nggi uch yildagi sa’y-harakatlari bugungi kunda o‘zining ijobiy samarasini berayotgani e’tirof etildi.
“Calatrava Grace” kompaniyasi ijrochi direktori Maykl Zellman qishloq joylarida namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha qabul qilingan dasturlar pandemiya davrida aholining turmush sharoitini yaxshilashda o‘zining natijasini berayotganiga urg‘u berdi.
Shuningdek, mamlakatimiz koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish va salbiy ta’sirini yumshatishda Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda ekanligi ham alohida ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil Toshkent shahrida “KAMKA” (Markaziy Osiyo - Mo‘g‘uliston - Kavkaz - Afg‘oniston) mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tgan edi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati









