Tibbiy turizm — tez rivojlanib borayotgan istiqbolli soha. Ayniqsa, oxirgi yillarda Hindiston, Koreya, Germaniya va Turkiya kabi mamlakatlar bu borada katta yutuqlarga erishdi. Yurtimizda ham ushbu sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Xususan, ixtisoslashtirilgan markazlar amaliyotiga yangi davolash va diagnostika usullari tatbiq etilib, shifo maskanlari eng soʻnggi va zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Natijada nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet el fuqarolarining ham Oʻzbekiston tibbiyotiga ishonchi yanada ortib borayotir.

Bu yoʻnalishdagi ijobiy oʻzgarishlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida ham oʻz aksini topmoqda. Shifoxonamizda yurak-qon tomir kasalliklarini samarali davolash boʻyicha yuqori texnologik diagnostika va innovatsion jarrohlik operatsiyalari muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, oʻtgan yil markaz amaliyotiga 18 turdagi yangi davolash va tashxis usullari tatbiq qilinib, 3979 ta yuqori texnologik murakkab operatsiya oʻtkazildi. Qolaversa, 2022-yil muassasamizda ilk bor ishlab turgan yurakda aortal klapan, mitral klapan, tikuspidal klapanni protezlash va AKSH amaliyoti, shuningdek ishlab turgan yurakda “Kabrol” operatsiyasi hamda AKSH va protezlash amaliyotini kam invaziv usul bilan bajarish yoʻlga qoʻyildi.

Ana shunday sharoitlar tufayli kardiologik xastaliklarga chalingan koʻplab yurtdoshlarimiz va chet el fuqarolari markazda davolanib, oʻz salomatliklarini tiklamoqda. Xususan, 2022-yil muassasaning maslahat poliklinikasiga 33 803 nafar bemor murojaat qilib, malakali mutaxassislar tomonidan sifatli tibbiy xizmat koʻrsatildi. Eʼtiborlisi, ularning 675 nafari chet el fuqarolaridir. Shuningdek, oʻtgan yil muassasada 9000 nafardan ziyod kishi davolanib, bemorlarning 163 nafarini chet el fuqarolari tashkil etdi.

Shuningdek, Tibbiy tanlov komissiyasi xulosasi boʻyicha elektron yoʻllanma berilgan 850 nafardan ortiq yurtdoshlarimizda yuqori texnologik, intervension, aritmologik va kardiojarrohlik amaliyotlari oʻtkazilib, sarf-xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qoplandi.

Xurshid Fozilov,

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy

tibbiyot markazi direktori