Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Sklerozlashgan panensefalit xavfli bosh miya kasalligi boʻlib, asosan bolalar va oʻsmirlarda kuzatiladi. Bu patologiya aksariyat hollarda qizamiq asorati sifatida yuzaga kelishiga qaramay, uning etiologiyasi boshqacha ham boʻlishi mumkin.
Xastalik alomatlari dinamikada kuchayib, umumiy rivojlanishdan orqada qolish, talvasa xurujlarining koʻpligi, mushak tonuslari ortishi, keskin vazn yoʻqotish bilan namoyon boʻladi va xastalikning soʻnggi bosqichida bemor koma holatiga tushadi.
Bugungi kunda yurtimizda sklerozlashgan panensefalitga chalingan 130 nafardan ziyod bolalar roʻyxatga olingan. JSST tahlillariga koʻra, sklerozlashgan panensefalit qizamiq bilan kasallangan har 100 ming bemordan 4-11 nafarida uchraydi.
Mazkur xastalik qizamiqni boshdan oʻtkazganlarda 2,5-yildan 34-yilgacha boʻlgan davrda alomatsiz kechishi mumkin. Uning dastlabki bosqichlarida hech qanday patologik oʻzgarishlar kuzatilmasligi tufayli kasallikka aniq tashxis qoʻyish maʼlum qiyinchiliklar tugʻdiradi.
Xalqaro ekspertlar xulosasiga koʻra, dunyo boʻyicha bolalarda uchrayotgan sklerozlashgan panensefalit aholi orasida qizamiqqa qarshi emlanishdan bosh tortish holatlari koʻpayganligi tufayli yuzaga kelmoqda. Yurtimizda ham ushbu kasallikka chalingan bolalarning aksariyati qizamiqqa qarshi emlanmagan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu bemorlarni davolash, ularni tegishli dori vositalari va boshqa jihozlar bilan taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.
Xususan, shu kasallikka chalinganlar roʻyxati shakllantirilib, ular toʻliq nazoratga olingan. Hozir bemor oʻgʻil-qizlar poytaxt va hududlardagi bolalar tibbiyot muassasalarining nevrologiya va reanimatsiya boʻlimlarida simptomatik davolanib kelmoqda.
Shuningdek, JSST standartlaridan kelib chiqib hamda bu kasallikni davolash boʻyicha dunyoda yagona samarali davolash usullari belgilanmaganini hisobga olgan holda vazirlik tomonidan sklerozlashgan panensefalitni simptomatik muolaja qilish yuzasidan klinik protokol qisqa muddatlarda, yetuk mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqildi.
Qolaversa, ushbu kasallikda kuzatiladigan talvasa xurujlarini kamaytirishga yordam beruvchi “Klonazepam” dori vositasini (narkotik va psixotrop dori vositalari guruhiga kiruvchi preparat) roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, oʻrnatilgan tartibda yurtimizga olib kelindi va hududlarga yetkazildi.
Bundan tashqari, sklerozlashgan panensefalit kasalligini tashxislash va davolash uchun xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida “yoʻl xaritasi“ ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olingan.
Shuningdek, kuni kecha yurtimizda sklerozlashgan panensefalit bilan kasallangan bolalarga tibbiy yordamni tashkil etishni yanada rivojlantirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligining buyrugʻi qabul qilindi.
Unga koʻra, joylarda hududlar boʻyicha qizamiq bilan bogʻliq boʻlgan sklerozlashgan panensefalit kasalligiga chalingan bolalar toʻgʻrisida yangilangan mukammal maʼlumot shakllantirilib, har bir oʻgʻil-qizni dispanser nazoratiga olish tizimi yanada takomillashtirildi.
Barcha dispanser nazoratiga olingan bolalarga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan milliy klinik protokol asosida tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Muhimi, bemorlarga holati boʻyicha statsionar yordam koʻrsatish uchun ehtiyot chorasi sifatida hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida oʻrin-joylar tashkil etish ham koʻzda tutildi.
Ushbu kasallik bilan yangidan nazoratga olingan yoki bunga shubha boʻlgan bolalarga yakuniy tashxis qoʻyish va davo choralarni koʻrish uchun ular imtiyozli yoʻllanma asosida Bolalar milliy tibbiyot markaziga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, ushbu muassasa hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida qizamiq bilan bogʻliq boʻlgan sklerozlashgan panensefalit bilan davolanayotgan bolalarga telemeditsina yoki masofaviy aloqa orqali va zarur holatlarda joylarga chiqqan holda amaliy hamda konsultativ yordam koʻrsatilishini tashkillashtiradi.
Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markaziga birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib boruvchi bolalar nevrologlari, oilaviy shifokorlar uchun qizamiq bilan bogʻliq boʻlgan sklerozlashgan panensefalit xastaligini erta aniqlash boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Tadbirda ishtirok etgan bemorlarning ota-onalariga kasallikni davolashda jahon tibbiyotida qoʻllaniladigan asosiy muolaja usullari xususida maʼlumot berilib, shifokor va tegishli mutaxassislar tomonidan ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.